Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maxsus reportaj: Iroqdan qaytgan 64 nafar bola taqdiri endi nima boʻladi?
08:00 / 2019-10-11

Avval xabar berganimizdek, “Mehr-2” nomli insonparvarlik operatsiyasi doirasida yurtimizga 64 nafar bolani Vatanimizga qaytarishga muvaffaq boʻlindi.


Avval xabar berganimizdek, “Mehr-2” nomli insonparvarlik operatsiyasi doirasida yurtimizga 64 nafar bolani Vatanimizga qaytarishga muvaffaq boʻlindi.

“Mehr-2” insonparvarlik operatsiyasi vakilining OʻzA muxbiriga bergan maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonga olib kelingan bolalarning ota-onalari Iroq davlatiga terrorchilik guruhlari va taʼqiqlangan tashkilotlar tarkibida boʻlganliklari sababli 10-20 yilga, ayrimlari esa umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

“Mehr-2” maxsus operatsiyasi vakilining dalolat berishicha 64 nafar bolani Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha operatsiya 6 oy avval boshlangan. Bu vaqt davomida Iroqdan qaytajak bolalarning Oʻzbekistondagi yaqinlari bilan bogʻlanib, ular qaysi qarindoshlari oilasiga joylashtirilishi boʻyicha muammolar hal etilgan.

“Mehr-2” vakilining taʼkidlashicha mazkur bolalarning ota-onalari oʻz xohishlari bilan farzandlarini Oʻzbekistondagi yaqin qarindoshlarinikiga joʻnatishga rozilik bergan. Iroqdagi ozodlikdan mahrum etilgan oʻzbek ayollari ham farzandlari qatori Oʻzbekistonga qaytishi uchun mazkur davlat bilan muzokaralar olib borilmoqda. Iroq hukumati qonunchiligiga koʻra, ular terrorchi sifatida hibsga olingan.

Avval xabar berilganidek, bolalar maʼlum vaqt davomida sogʻlomlashtirish muassasasiga joylashtiriladi. Mutaxassislar ularga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatadi. Sihatgohda bolalar uchun issiq ovqatlar tashkil etilib, ularga yangi kiyim-kechaklar beriladi. Ular reabilitatsiya muddatidan soʻng Oʻzbekistondagi yaqinlari oilasiga topshiriladi.

Shuningdek, bolalarni oʻz qaramogʻiga olgan yaqin qarindoshlariga moddiy koʻmak berilishi ham koʻzda tutilgan. Yaqin orada yana urush oʻchoqlaridan bolalarning qaytarilishi kutilmoqda.

“Koʻpgina davlatlar ozodlikdan mahrum etilgan joylarda saqlanayotgan bolalarni oʻz yurtiga qaytarishdan xavfsiragan. Ammo, Oʻzbekiston Iroq davlati qonunchiligiga koʻra, ota-onasi terrorchi, deb topilgan ayollarning farzandlarida ayb yoʻq deb topdi. Ularni Oʻzbekiston farzandlari sifatida yurtimizga qaytarmoqda. Kelajakda ular boshqa bolalar qatorida maktab va bogʻchalarga qatnashi taʼminlanadi. Voyaga yetmagan bolalarning urush oʻchoqlari, soʻng qamoqxonalarga tushib qolishida aybi yoʻq. Goʻdaklarga jinoyatchi sifatida qaramaslik lozim, bu xalqaro huquq normalarida ham koʻzda tutilgan. Oʻzbekiston yurtdoshlarimizning voyaga yetmagan farzandlariga jinoyatchi sifatida qaramaydi va ularni jamoatchilikka qoʻshilib ketishida yordam koʻrsatadi”, deya taʼkidladi operatsiyaning maxsus guruh vakili.