Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maxsus iqtisodiy sanoat zonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
17:10 / 2025-03-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, 2025 yilda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib: 

a)  maxsus iqtisodiy zonalarda 2,3 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 4,3 milliard AQSH dollariga teng miqdorda ta’minlash va 12 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish; 

b)  sanoat zonalarida 800 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 512,2 million AQSH dollariga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 1,8 milliard AQSH dollariga teng miqdorda ta’minlash va 17 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish belgilandi. 

Yangi barpo etiladigan ixtisoslashtirilgan zonalar faqat maxsus iqtisodiy zona yoki sanoat zonasi shaklida tashkil etiladi. 

Maxsus iqtisodiy zonalar belgilangan chegaralarga ega hamda maxsus huquqiy, soliq va bojxona rejimi joriy qilinishi mumkin bo‘lgan yer maydonida eksportbop, yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun tashkil etiladi. 

Yer uchastkasiga ijara huquqi qiymati baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadi va yer uchastkalarini onlayn-auksionda sotish orqali zonalar rezidentlariga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni joylashtirishga (imtiyozlar tatbiq etilmagan holda) ruxsat beriladi.

Faoliyat ko‘rsatish muddatiga oid cheklovlar bekor qilinadi. Sanoat, ishlab chiqarish korxonalarini bir joyda joylashtirish, infratuzilma ob’ektlaridan oqilona foydalanish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etiladi. 

Master reja asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qarori bilan barpo etiladi. 

Yer uchastkalari, bino va inshootlarni investitsiya majburiyatlari va muddatlarini belgilagan holda onlayn auksionga chiqarish sanoat zonasi direksiya tomonidan amalga oshiriladi. Onlayn auksionda faqat yuridik shaxslar qatnashishi mumkin. Yer uchastkalari onlayn auksionga kamida 10 yil ijara muddati bilan, investitsiya majburiyatlari bajarilgandan so‘ng xususiylashtirish yoki ijara muddatini uzaytirish sharti bilan chiqariladi.

Farmonda yangi maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faqat infratuzilma mavjud bo‘lgan yoki u bilan ta’minlash iqtisodiy asoslangan, moliyaviy samaradorligi hisoblangan biznes reja va master reja asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda Hukumat komissiyasi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. 

Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida tadbirkorlar tomonidan o‘z hisobidan ishlab chiqarish binolarini qurish hamda ijaraga berish yoki sanoat ipotekasi va bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish ushbu zonalardagi bino va inshootlarni ijaraga berish va sotishda loyihalarga quyiladigan mezonlar belgilangan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. 

Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida faoliyatini yangidan boshlayotgan investorlarga yer uchastkalari qirq tuqqiz yilgacha muddatga ijaraga berilishi mumkin. 

Ishtirokchini tanlab olish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin olti oy davomida u investitsiya majburiyatini (uzrli bo‘lmagan sabablarga ko‘ra) bajarishni boshlamagan taqdirda ijara shartnomasi bekor qilinadi hamda bino, inshootlar va yer uchastkalari direksiyalar balansiga qaytariladi. 

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi (turizmga ixtisoslashgan, xususiy boshqaruvdagi maxsus iqtisodiy zonalar va qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno). 

Mazkur farmon bilan Namangan viloyatida "Namangan" maxsus eksport zonasi tashkil etiladi.

O‘zA