Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maxsus binoga kirish-chiqish qat’iy nazorat qilinadi (+video)
18:39 / 2021-01-29

Avval xabar qilganimizdek, Davlat test markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida test tayyorlash va uni foydalanishgacha yetkazish jarayoni, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga kirish uchun tayyorlanadigan testlar, tizimdagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.

DTMning testologlar ishlaydigan bo‘limi, bosmaxonasi, testlar saqlanuvchi xonalar, javoblar varaqasini tekshirish va e’lon qilish bilan shug‘ullanadiganlar alohida binoda faoliyat yuritadi. Maxsus binoga faqat ruxsat etilgan xodimlar kirishi mumkin. Bu ob’ektga barmoq izi va yuzdan tanib oluvchi maxsus himoyalangan identifikator o‘rnatilgan, boshqa xodimlarning kirishi taqiqlanadi. Derazalar ham yopiq bu binoda telefon va internetdan foydalanish mumkin emas, xodimlar bir-biri bilan ratsiya orqali muloqot qiladi.

Ma’lum qilinishicha, testlar xavfsizligini ta’minlash uchun testologlarni ishga olish jarayonida qoidalar tushuntiriladi. Ular faoliyat olib boradigan texnik vositalar uchun hech qanday elektron qurilmadan foydalanish mumkin emas. Testologlar tomonidan tuzilgan testlar maxsus serverga borib tushadi.

<iframe width="720" height="340" src="https://www.youtube.com/embed/pMb_Hk2Evc0" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

DTM boshqarma boshlig‘i Umidjon Do‘stnazarovning ma’lum qilishicha, test materiallarining tarqalib ketmasligi uchun barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, chop etish xonalarida ham xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Mazkur zamonaviy jihozlarda 1 soatda 6 ming 200 ta savollar kitobini chop etib, tayyor holga keltirish mumkin. Shunda bir kecha-kunduzda 100 mingga yaqin kitob bosmadan chiqariladi. Maxsus yirik bosma printerlar uchun chop etish buyrug‘i bir marta beriladi va qurilma belgilangan vazifani bajaradi. Bundan tashqari, ish hajmi ko‘p bo‘lgan hollarda maxsus qo‘shimcha bosmaxonalardan ham foydalaniladi.

Chop etib bo‘lingan test kitobchalari va javoblar varaqalari maxsus qutilarda test o‘tkaziladigan hududlarga muhrlangan holda maxsus qoplarda yuboriladi. Bunda qutilarning rangi alohida belgilanadi. DTMning maxsus muhridan tashqari yetkazib berish xizmatining muhri ham bosilib, joylarga yetkaziladi. Test o‘tib bo‘lgan kunning o‘zidayoq savol va javoblar kitoblari alohida-alohida qoplarga joylanib, muhrlanib ortga qaytariladi. Qutining yuzasiga qaysi sanada va qaysi joyda o‘tkaziladigan imtihon uchun mo‘ljallangan savollar ekanligi yozib qo‘yiladi. Bundan tashqari, test topshiriqlari DTMga yana muhrlangan holatda qaytishi uchun ularga maxsus qog‘ozlar qo‘shib jo‘natiladi. Savollar kitobchalari alohida qutilarda qaytgach, hamma kitobchalar mavjudligi tekshirilgandan so‘ng maxsus omborxonaga yuboriladi. Bu yerda ular ikki yil muddatgacha saqlanadi. Shundan so‘ng belgilangan tartibda yo‘q qilinadi. Ma’lum qutilar faqat zarurat bo‘lgan holatlarda, abituriyent apellyatsiya uchun ariza berganida ochilishi mumkin.

Javoblar varaqasini tekshirish alohida bo‘limning ishi. Mazkur xonada turli holatlarda tuzilgan dalolatnomalar elektron bazaga kiritiladi, abituriyentlar tomonidan test topshiriqlari kitobining kodi javoblar varaqasiga xato kiritilgan holatlar aniqlanib tekshiriladi. Bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi. Natijalar bir-biridan farq qiladigan holatlar bo‘lsa, bunday javoblar varaqasi qaytadan tekshiriladi.

Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi mutaxassisining ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ikkita texnika soatiga 30 ming javoblar varaqasini tekshiradi. Skanerlar birdaniga javoblar varaqasini skaner qilib oladi va ularni ro‘yxatga kiritadi.

Jarayonlarni kuzatish uchun binoning har burchagida, shuningdek, kompyuterlar qarshisida videokameralar o‘rnatilgan. Har bir harakat ovoz bilan qayd etiladi va markaziy videokuzatuv orqali nazorat qilinadi.

Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga kirish imtihonlari arafasida DTMning bevosita test tuzish va chop etish jarayonida ishtirok etadigan xodimlari mazkur binoning o‘zida yashaydi, begonalar kirishi butunlay taqiqlanadi. Bu jarayon oxirgi bosqichdagi testlar xavfsizligini ta’minlash uchun joriy etiladi.

Press-tur davomida markaz direktorining o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va bo‘lim rahbarlari tomonidan kerakli savollarga javob berildi.

Barno Meliqulova, Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA