Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Maxfiy mahkama” yoxud qonunsiz qamalganlar qissasi
12:27 / 2021-08-06

Yaqin o‘tmishda ro‘y bergan adolatsizliklar, millatchilik va inson huquqlarini mensimaslik kabi unsurlar, mustabid tuzum davridagi so‘nggi qatag‘on – "O‘zbeklar ishi", "Paxta ishi" degan soxta uydirmalar mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan nihoyasini topdi.

Ammo, o‘tmishning ayozli davrlari xalqimizning xotirasiga qora dog‘lar bo‘lib o‘rnashdi. Shular haqida o‘ylab, istiqlol naqadar buyuk ne’mat ekanligini ko‘zlarimizdan sizib chiqqan bir tomchi nam bilan tan olamiz...  

Ha, sho‘rolar davrida xalqimiz ko‘rgan talafotlar talaygina. Ulardan biri adabiyot ixlosmandlariga yaqindan tanish bo‘lgan, 1969 yildan 2013 yilga qadar prokuratura organlarining mas’ul lavozimlarida, jumladan, alohida muhim ishlar bo‘yicha tergov qismlarida ishlagan Ismatillo Yo‘ldoshevning «TURON NASHR» nashriyotida chop etilgan “MAXFIY MAHKAMA yoxud qonunsiz qamalganlar qissasi” nomli kitobida ochib berilgan.  

Mazkur qissada adib tomonidan ishonchli ma’lumotlar, tarixiy hujjatlar, aniq misollar keltirilgan bo‘lib, asar o‘quvchisining qalbini larzaga soladi. O‘sha sobiq hukmron tuzum zo‘ravonligi, markazdan yuborilgan hamda mahalliy tergov organlari vakillari bilan to‘ldirilgan “desantchilar” guruhi, ularning g‘ayriqonuniy va g‘ayriinsoniy xatti-harakatlari aks etgan asarni o‘qir ekansiz yovuz kuchlarning qonunni, adolatni, xalqimizning sha’ni va g‘ururini oyoqosti qilib amalga oshirgan kirdikorlariga nisbatan nafratingiz oshib boradi.  

Ha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi Ismatillo Yo‘ldoshevning umrining oxirgi yillarida yozib bitilgan mazkur kitobida o‘tgan kunlar, xalqimiz boshiga tushgan tuhmatlaru og‘ir malomatlar, Gdlyan, Ivanov va ular guruhiga kirgan qonunbuzar tergovchilarning haqiqiy basharalari to‘g‘ri va xolisona ochib berilgan bo‘lib, kechagi kundan bexabar yoshlar uchun Mustaqillikning qadr-qimmatini belgilab beradi.  

Adibning xotiralarini o‘qir ekansiz, tergovchi yuqori protsessual lavozim egasi sifatida faqat va faqat qonuniy yo‘l bilan aniqlangan hamda inkor etib bo‘lmas dalillarga asoslangan holda ish olib borishi, ayblanuvchini ham qoralaydigan, ham oqlaydigan jihatlarni adolat tarozisiga solib, shundan keyingina uzil-kesil xulosaga kelishi lozim bo‘lsa-da, Gdlyan, Ivanov va ular bosh bo‘lgan tergov guruhi a’zolari o‘z faoliyatida ushbu talablarni qo‘pol tarzda buzib, qonunlarni surbetlarcha oyoqosti qilganligiga g‘oyibona guvoh bo‘lasiz. O‘z muddaolariga erishish uchun gumonlanuvchilarni vahshiyona qiynoqlarga solish, xotini, bolalarini qamash yo‘li bilan yolg‘on ko‘rsatmalar yozdirib, yuzlab yurtdoshlarimizni qamashganligidan xabar topasiz. Gdlyanchilar o‘zlaricha uydirma ayb qo‘yib qamagan kishilarini otuvga hukm qilish bilan qo‘rqitib, “aybiga” iqror qildirishganliklaridan, pora berganligi to‘g‘risida soxta ko‘rgazmalar olishganliklaridan nafratlanasiz.  

Kitob xalqimiz boshiga tushgan mudhish kunlarning asl mohiyatini dalillar asosida ochib bergan. Gdlyan va Ivanov yetarli malakasiz, protsessual normalarni yaxshi bilmagan, ayniqsa, O‘zbekiston qonunlarini tan olmagan. Tergov guruhiga kirgan tergovchilar esa o‘z boshliqlarining izmidan chiqmasdan, topshiriqlarni ko‘r-ko‘rona bajaruvchi, mansabparast, nom chiqarish uchun to‘g‘ri kelgan qabohatlardan toymaydigan shaxslar ekanligi ko‘rsatib berilgan.  

Albatta, yurtimizning ko‘plab asl farzandlari qonunbuzar tergovchilarning kirdikorlarini fosh qilish, ularning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yish uchun zarur choralarni ko‘rgan. Kitob muallifi ham ana shunday fidoyi kishilardan biri edi. I.Yo‘ldoshev sobiq ittifoq Bosh prokuraturasidagi maxfiy boshqarmadagi faoliyati davomida Gdlyan va sheriklarining qonundan tashqari ishlarini fosh qilishga harakat qilganligini ko‘p guvohi bo‘lganman. Shu sababli ham ushbu asarni o‘qib, o‘sha davrlarga qaytgandek bo‘ldim.

Kezi kelganda ta’kidlash joizki, Ismatullo Yo‘ldoshev taniqli ijodkor. Uning “Yolg‘izlik” (So‘g‘diyona – 1979), “Armonli dunyo” (Zarafshon – 1980), “Habib bo‘lgin menga, muhabbat” (Zarafshon – 1990), “Havas” (Zarafshon – 2001), “Bunda tonglar kashf etar o‘zni” (Zarafshon – 2002), “Bir hovuch oftob”, “Qabohatga qo‘yilgan tuzoq” (Zarafshon – 2004), “Ko‘ngil yog‘dusi”, “Jumboq”, “Qalb charog‘i” (Zarafshon – 2005), “Beshikdagi nur” (Zarafshon – 2007), “Rubeji jizni” (Zarafshon –2007), “Mehr” (Zarafshon – 2009), “Ishq mehrobi” (Navro‘z – 2012), “Umr devoni” (Sharq – 2012), “Na puti k istine” (Moskva, Olma Media Grupp – 2013), “O‘zimni tinglab” (Zarafshon – 2014) singari kitoblari, 2007 yilda "Sharq NMAK"da chop etilgan she’rlar, ruboiylar, kinossenariylar, qissalar, badiha, risola va badiiy lavhalari jamlangan uch jilddan iborat “Tanlangan asarlar”i o‘z o‘quvchisini topgan. Uning asarlari asosida "O‘zbektelefilm" tomonidan yaratilgan filmlarda muallifning o‘zi bosh rolni o‘ynagani ham muxlislarida katta qiziqish uyg‘otgan.  

Afsuski, hayot degani o‘tkinchi, inson bu dunyoga kelib-ketuvchi mehmon ekan. Joriy yilning 29 iyul kuni Ismatillo Yo‘ldoshev 70 yoshida olamdan o‘tdi. Biz uning oila a’zolari va muxlislariga hamdardlik bildiramiz. O‘ylaymizki, adolat va haqiqat kuychisi Ismatillo Yo‘ldoshev yozib qoldirgan asarlar uning tirikligini abadiyatga muhrlaydi.  

Abdukamol RAHMONOV,  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.  

O‘zA