FOTOREPORTAJ
Samarqand zamini aziz qadamjolar va ulug‘lar mangu qo‘nim topgan maskanlari bilan sayyohlar va ziyoratchilarni doimo o‘ziga jalb etadi. Turizmni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bu muqaddas maskanlarda ziyoratchilar uchun barqaror va qulay sharoitlar yaratildi.
Maxdumi A’zam ziyoratgohi ana shunday muqaddas qadamjolardan biridir. Bu maskanda 1619-yili Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir tomonidan qurilgan qadimiy masjid hamda bir necha ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan dahma joylashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maxdumi A’zam Naqshbandiy tariqatining bilimdoni va shayx maqomiga erishgan alloma bo‘lgan. U 30 dan ortiq asarlar muallifi sifatida tarixda nom qazongan. Asl ismi Sayyid Ahmad Xoja Kosoniy bo‘lib, taxminan 1463-64 yillarda Farg‘ona vodiysining Kosonsoy shahrida tug‘ilgan. Tug‘ilib o‘sgan joyi va Toshkentda ilm olib kamolotga erishgandan so‘ng Samarqandning Miyonqol vohasiga ko‘chib kelgan. Uning kelishi bilan voha obodonlashtirilib, ko‘plab daraxtlar ekilgan va bu maskanga Dahbed nomi berilgan. Maxdumi A’zam 1542-yilda Dahbedda vafot etgan va shu yerda dafn qilingan.
[gallery-27939]
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ziyoratgohda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Masjid va dahma qabristoni restavratsiya qilindi, 4,7 gektar hudud obodonlashtirildi, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Hududda 1 ming 100 kishilik erkaklar va ayollar uchun masjid qurildi hamda avtoturargoh tashkil qilindi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA