Bugungi kunda Navoiy shahrida tabiiy gaz iste’molchilari soni 57 ming 173 tani tashkil etib, ulardan 55 ming 929 tasi aholi abonentlari hisoblanadi.
Navoiy shahar hududidagi iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, undan samarali foydalanish hamda ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.


2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 5,3 km gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda ishlar yakunlanmoqda. Jumladan, Taraqqiyot mahallasidagi 2,8 kilometr yer osti gaz quvurlarini diametri 100 mmli yer usti gaz quvurlariga almashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Olib borilgan rekonstruksiya ishlari natijasida mahalladagi 1200 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanishiga erishiladi.
– Bundan tashqari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida ikki dona gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlandi, – deydi shahargaz gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Baxtiyor Sharopov. – 206 dona gaz taqsimlash punktlari texnik taftishdan o‘tkazildi. 160,8 kilometr yer osti gaz quvurlari asboblar yordamida tekshirildi. Qolaversa, 18 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirildi.


Tabiiy gazni iqtisod qilish maqsadida hudud bo‘yicha jami 900 ta aholi xonadonlaridagi elektron gaz hisoblash uskunalariga regulyator o‘rnatildi, gaz ta’minoti tizimi uch bosqichlidan ikki bosqichliga o‘tkazildi. Natijada joriy yilning o‘zida 1650 ta aholi xonadonida gaz ta’minotini kafolatli yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga mahallalar kesimida tabiiy gazdan oqilona, xavfsiz foydalanish, energiya tejamkor gaz uskunalaridan foydalanish yuzasidan doimiy targ‘ibotlar olib borilmoqda. Tejamkor gaz uskunalarining afzalliklari keng tushuntirilmoqda.
Shuningdek, tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish va yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf qilish uchun 2 ta maxsus avariya brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular kerakli asbob-uskunalar va aloqa vositalari bilan jihozlangan. Bu esa kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri