Shu kunlarda Buxoro viloyatida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining tegishli topshirig‘iga asosan mahalliy Kengash deputatlari va partiya faollari tomonidan shahar va tumanlardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish, muammolarni aniqlash va ularni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida jamoatchilik o‘rganishlari olib borilmoqda.
O‘zLiDeP G‘ijduvon tumani Kengashi mas’ullari hamda mahalliy Kengash deputatlari tomonidan ham ana shunday o‘rganishlar tashkil etildi.

Partiya faollari va deputatlar tomonidan o‘rganish davomida aniqlangan issiqlik tizimlaridagi kamchiliklar, energiya tejamkorligiga oid masalalar va binolardagi izolyatsiya ishlari bo‘yicha yechim talab etadigan ayrim holatlar yuzasidan tashkilotlar mas’ullariga aniq tavsiya va maslahatlar berildi.

– Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, har bir muassasaning mavsumda uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash bugungi kunda partiyamiz faollari va deputatlarning oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir, – deydi O‘zLiDeP G‘ijduvon tuman Kengashi raisi, mahalliy Kengash deputati Zamira Safarova. – Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni talab darajasida olib borishga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz.

Tumandagi “F.Xo‘jayev” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan birinchi DMTT 174 o‘rinli bo‘lib, o‘g‘il-qizlar bu yerda to‘liq qamrab olingan. 46-umumta’lim maktabi 840 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Ishchi guruh a’zolari o‘z o‘rganishlari davomida ikkala ta’lim muassasasida ham 2025- 2026 yillar kuz-qish mavsumiga to‘liq hozirlik ko‘rilganligiga guvoh bo‘ldi. DMTTda tabiiy gaz mavjud, quyosh paneli ham o‘rnatilgan. 46-maktab esa ko‘mir zaxirasi bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lib, jami 72,2 tonna ana shunday zaxira yaratilgan.

Partiya faollari va deputatlar hududdagi plastmassa idishlar hamda rezina shlanglar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Nazarbek kelajak nuri” MCHJda ham bo‘ldi. Tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini boshlaganiga 15 yil bo‘lgan. Garchi bu yerda qishki isitish mavsumiga tayyorgarlik talab darajasida olib borilayotgan bo‘lsa-da, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda o‘z yechimini kutib qolgan ayrim muammolar ham yo‘q emas. Ulardan foydalanish bo‘yicha belgilangan limitlar miqdorini oshirishga korxonada ehtiyoj sezilmoqda.

Kuzgi-qishki isitish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga Vobkent tumanida ham jiddiy yondashilmoqda. Deputatlar va partiya mas’ullarining hududdagi o‘rganishlari davomida hududdagi bir qator korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalarida bo‘lajak isitish mavsumiga hozirlik ishlari, jumladan, ularning bu boradagi nazorat tahlil faoliyati davomida aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, ko‘mir zaxirasining yaratilganligi, ijtimoiy soha ob’ektlarida isitish tizimlarining sozligi, aholiga suyultirilgan gaz yetkazish berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zLiDeP Shofirkon tumani Kengashi mas’ullari hamda mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda.
Partiya mas’ullari ta’lim muassasalari rahbarlari bilan suhbatda o‘quvchi-yoshlarning sog‘lom bo‘lishi va xavfsiz sharoitda bilim olishi bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni ta’kidlab, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar bermoqda.
Shuningdek, partiya Olot tumani Kengashi mas’ullari va xalq vakillari tomonidan “Kulchovdir” hamda “Soloqarovul” saylov okruglari hududidagi bir qator maktab va MTTlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham o‘rganishlar davomida batafsil tanishildi.
Shahar va tumanlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarning rahbarlariga tegishli tavsiya, yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.