French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavsumga tayyorgarlik boshlandi
13:23 / 2026-02-09

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi barcha fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari ishtirokida 2026 yil hosili uchun paxta navlarini joylashtirish va hosildorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, viloyatda chigitni ekish mavsumini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish maqsadida qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hamda qo‘shimcha texnikalarni jalb etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. 

Hududning o‘tgan mavsumda qishloq xo‘jaligi sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tahlil qilinib, ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan belgilangan rejalar bajarilmagani keskin tanqid qilindi.   

Shuningdek, “Shinjon” usuli asosida 1 ming 478 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish belgilanganiga qaramasdan, hozirga qadar tomizg‘ichli shlang, polietilen plyonka hamda xorijiy urug‘lik bo‘yicha zaxira umuman yaratilmagani, ayrim fermerlar bu borada shartnoma tuzish haqida ham o‘ylab ko‘rmagani ma’lum qilindi. 

Shu munosabat bilan mas’ul rahbarlar va xo‘jaliklarga tegishli xulosalar chiqarilib, takroriy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, 2026 yil hosili uchun tumanda paxta ekish ishlarini samarali tashkil etish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish kerakligi aytildi. 

Yig‘ilishda joriy yil hosili uchun tumanda jami 139 ta fermer va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan 428 ta konturda 5 ming gektar maydonga chigit ekilishi, o‘rtacha hosildorlik 52 sentner etib belgilangani va shartnomaviy reja 26 ming 19 tonnani tashkil etishi ma’lum qilindi. 

Ekish mavsumini belgilangan muddatlarda va sifatli o‘tkazish maqsadida hozirda fermer xo‘jaliklarida 8 ta qo‘shqator seyalka mavjud bo‘lib, qo‘shimcha 13 ta seyalka xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.   

Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi tomonidan mas’ul rahbarlar va fermerlarga aniq muddatlar belgilab berildi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan xo‘jaliklar ogohlantirildi hamda 2026 yil paxta mavsumini yuqori samara bilan o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berildi. Viloyat rahbari qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmasida ham ishtirok etdi. 

A.Musayev, O‘zA.