Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning so‘nggi jarayonlari olib borilmoqda.
Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhim o‘ringa ega. Bunda joylarda tashkil etilgan boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy shahridagi “Navoiy Innovatsion Kommunal Servis” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi aholiga namunali xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan biri sanaladi. Ushbu kompaniya 35 ta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
– Kompaniyamiz “Ziyokor”, “Ma’rifat” va “Farovon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatadi, – deydi boshqaruv servis kompaniyasi direktori Abror Aslanov.
– Xonadon sohiblariga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 yanvardagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tunu kun ishlaydigan avariya dispetcher xizmati tashkil etilgan. Shu kunga qadar ko‘p kvartirali uy-joylarda yashovchi mulkdorlardan 450 dan ziyod murojaatlar qabul qilinib, ijobiy hal etilgan.
Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan 2025-2026 yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida belgilangan chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Barcha uylarning yer to‘la qismidagi elevatorlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, G‘alaba shoh ko‘chasidagi 188-a uyning yerto‘la qismidagi issiqlik bog‘lanmasi dastur bo‘yicha ta’mirlandi hamda yaroqsiz holga kelib qolgan qismlari yangisiga almashtirildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismidagi hamda yer osti nasoslardagi yaroqsiz qismlar hamda temir quvurlar polietilen quvurlarga almashtirildi.
Uylarning kirish yo‘laklari, fasad qismlari ta’mirlanib, ko‘cha yoritgichlari yangilanib, ayrim qismlari almashtirildi. Ko‘p qavatli uylarga kuzatuv kameralari o‘rnatilyapti. Barcha liftlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va nosozlari ta’mirlanib, yangisiga almashtirildi. Bolalar o‘yingohlari ta’mirlanib, bo‘yoqlanmoqda.
Bugungi kunda elektr energiyasidan oqilona va tejab foydalanish maqsadida tejamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda ko‘p qavatli uylarning har bir kirish yo‘lagiga o‘zi yonib o‘chadigan tejamkor yoritgichlar o‘rnatilyapti.
– Hozirda ko‘p kvartirali uylar holati, yangi qurilayotgan uylar hamda boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarining sifati va belgilangan texnik shartlarga mosligi muntazam ravishda o‘rganilib kelinmoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Navoiy viloyati hududiy nazorat qilish inspeksiyasi sho‘’ba boshlig‘i Suhrob Ro‘ziyev.
– Boshqaruv servis kompaniyalarining mansabdor shaxslariga kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida ko‘p kvartirali uylarning issiqlik tarmoqlarini bosim ostida yuvish yuzasidan topshiriq xatlar chiqarilib, nazoratga olingan. Issiqlik bog‘lanmasidagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi lozim bo‘lgan majburiy ko‘rsatmalar berilmoqda. Viloyatda 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha 417 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, xodimlarimiz tomonidan dasturga kiritilgan barcha ko‘p kvartirali uylar o‘rganib chiqilgan.
[gallery-25804]
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni obodonlashtirish, mahallalarning ozodaligini saqlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilib, bu boradagi vazifalar belgilab berilgan edi. Unga ko‘ra, 15 oktyabrdan 15 noyabrga qadar mamlakatimizda “Tozalik va ozodalik oyligi” deb e’lon qilingan.
Mazkur ozodalik oyligi davomida boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadigan mahallalar hududidagi barcha ko‘p kvartirali uylarning tutash hududlarida sug‘orish ishlari olib borilib, begona o‘tlardan tozalanmoqda. Daraxtlarga shakl berilib, daraxtlar va yo‘laklar atrofidagi to‘siqlar oqlanmoqda. Uylar atrofiga gul urug‘lari hamda manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA