Shu kunlarda barcha sohalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Chunki mavsumni betalafot o‘tkazish uchun bugungi harakat muhim hisoblanadi. Navoiy viloyati suv xo‘jaligi tizimida ham 2025-2026 yillarda kuz-qish mavsumida bajariladigan ishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, ayni paytda jarayon mazkur dastur asosida izchillik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, viloyat hududida mavsumiy davrda irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini texnik jihatdan soz holatda saqlash, suv resurslarini ma’muriy hududlar va iqtisodiyot tarmoqlariga samarali hamda oqilona yetkazib berishni ta’minlash, shuningdek, irrigatsiya ishlarini yuqori sifatda tashkil etish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kanallarni loyqadan tozalash, gidrotexnik inshootlar hamda suv o‘lchash gidropostlarini ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich reja asosida olib borilmoqda.

– Rejaga ko‘ra, viloyatda 182 kilometr, jumladan, Karmana-Konimex irrigatsiya tizimida 46 kilometr, Karmana tumanida 15,3 kilometr, Konimex tumanida 8,6 kilometr, Qiziltepa tumanida 41,5 kilometr, Navbahor tumanida 21,5 kilometr, Xatirchi tumanida 49,3 kilometr uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallarni mexanizmlar yordamida loyqadan tozalash rejalashtirilgan, – deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Axborot xizmati rahbari G‘iyos Djanzakov. – Shuningdek, kanallardagi 200 ta gidrotexnik inshoot va 167 ta suv o‘lchash gidropostlarini ta’mirlash ishlari ko‘zda tutilgan. 237 kilometr xo‘jalik ichki ariqlarini maxsus texnikalar yordamida hamda ichki ariqlarning 2857 kilometr qismini esa qo‘l kuchi yordamida tozalash ishlari belgilab olingan. Bundan tashqari, 394 dona ichki tarmoqlardagi gidrotexnik inshootlar, 367 ta suv o‘lchash gidropostlarida ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda bu jarayonlar jadallik bilan tashkil etilmoqda.
Kelgusi yil vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazishga zamin yaratish maqsadida irrigatsiya ob’ektlarini sifatli ta’mirlash uchun tuman hokimliklari, suv xo‘jaligi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida kuzgi-qishki ta’mir mavsumi uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotir.
Bugungi kunda viloyatda suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari tomonidan 18 kilometr xo‘jaliklararo irrigatsiya tarmoqlarida, 136,2 kilometr xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlari, 20,7 kilometr melioratsiya tarmoqlarida tozalash ishlari bajarildi. Shuningdek, irrigatsiya tarmoqlaridagi 247 dona gidrotexnik, gidropost inshootlari va suv olish quloqlari ta’mirlandi.
Bundan tashqari, kuzgi-qishki dastur doirasida 6 dona davlat nasos agregatlari, 4 dona davlat tasarrufidagi sug‘orish quduqlari va 4 dona ichki xo‘jalik hisobidagi nasos agregatlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga, reja-grafik asosida tizim tashkilotlarida hasharlar tashkil etilib, kanallar bo‘ylarida tozalash, betonlashtirish ishlari olib borildi. Suv xo‘jaligi ob’ektlari yerlaridan samarali foydalanish maqsadida to‘qsonbosti ekinlar ekilishi boshlab yuborildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA