Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Navoiy viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Texnika vositalari – kombaynlar, traktor va tirkamalar, shuningdek, g‘alla qabul qilish shoxobchalari mavsumga tayyor holga keltirildi. Joylarda ko‘rgazmali-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rildi.
– Viloyatda 1 ming 143 fermer xo‘jaligi g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, joriy yilda ular 100 ming tonnaga yaqin sara don topshirishni rejalashtirgan, – deydi Navoiy viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi dehqonchilik bo‘limi boshlig‘i Farrux Hamroyev. – 43 ming 400 gektar maydonda parvarishlanayotgan “Asr”, “Nota”, “Grom” va “Andijon-2” bug‘doy navlari hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olishga barcha kuch safarbar etilgan. Ayni paytda fermerlar hosildorlikni ko‘paytirish maqsadida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmoqda.
Yig‘im-terim mavsumida 103 zamonaviy o‘rim kombayni fermerlarga xizmat ko‘rsatishi uchun tayyor holga keltirildi.
– Erga o‘z vaqtida sifatli ishlov berish, meliorativ holatini yaxshilash mo‘l hosil garovidir, – deydi Xatirchi tumanidagi “G‘ofurjon Abduxoliqov” fermer xo‘jaligi raisi Bobosher Xoliqov. – O‘tgan yili 24 gektarda yetishtirilgan g‘allaning har gektaridan 80 sentnerdan hosil olgan edik. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 90 sentnerga yetkazishni rejalashtirganmiz.