Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
20:14 / 2015-08-13

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida paxta yig‘im-terimi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida paxta yig‘im-terimi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, fermerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Viloyatda joriy yilda paxtachilikka ixtisoslashgan 2 ming 600 dan ziyod fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 82 ming 600 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Barcha agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilayotgani shartnomada belgilangan 230 ming tonnalik xirmon ko‘tarilishiga puxta zamin yaratmoqda. 

Seminar ishtirokchilari Mingbuloq tumanidagi “Saydali hoji” fermer xo‘jaligida bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

– Ellik gektarga yaqin maydonda g‘o‘zaning “Andijon-35” navini parvarishlamoqdamiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Mashrabboy Akbarov. – Shartnoma rejasida gektaridan 40 sentnerdan hosil ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Xo‘jaligimiz a’zolarining fidokorona mehnati va davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli hosilimiz cho‘g‘i yaxshi, davlatga rejadagi 160 tonna o‘rniga 200 tonna qimmatbaho sanoat xomashyosi yetkazib berishni maqsad qilganmiz. Hozirgi kunda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Fermer xo‘jaligining shinam va zamonaviy dala shiyponi joriy ta’mirdan chiqarilib, ko‘rkam qiyofaga keltirilgan. Hasharchilar uchun taxt qilib qo‘yilgan yuz kishilik yotoqxonada sanitariya-gigiyena, maishiy, yong‘in xavfsizligi va boshqa talablarga javob beradigan sharoit yaratilgan. Terimchilar salomatligini malakali tibbiyot xodimlari nazorat qilib boradi. 38 turdagi eng zarur dori-darmon vositalari zaxirasi yaratilgan. Dala sharoitida ovqatlanishga mo‘ljallangan stol va o‘rindiqlar, ko‘chma oshxona anjomlari, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun tashkil etilgan ma’naviyat xonalari mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Terim sur’atini ta’minlovchi texnik ta’minot – paxta tashish uchun traktor va pritseplar, tosh-tarozi va boshqalar taxt qilib qo‘yilgan.

Joriy yilda tumanda 16 ming gektardan ziyod maydonda paxta yetishtirildi. 400 dan ortiq fermer xo‘jaligi maydonlarida pishib yetilgan paxta hosilini yuksak uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olish uchun 340 otryad tuzildi. 

– Otryadlarning tizimli ravishda ishlashini ta’minlash maqsadida bir qator ilmiy asoslangan chora-tadbirlar belgilangan, – deydi Mingbuloq tumani hokimi Xayrullo Bozorov. – Jumladan, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga doir asosiy tavsiyalar ishlab chiqilib, barcha fermer xo‘djaliklari va boshqa daxldor tashkilotlarga tarqatildi.

Tavsiyalarda, jumladan, paxta yig‘im-terimiga terimchilarni erkin yollash va ular bilan shartnomalar tuzish mexanizmi, mavsumda xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga rioya etilishi, yig‘im-terim ishtirokchilari uchun sanitar-maishiy sharoitlar yaratish, otryadlarni oziq-ovqat maxsulotlari bilan ta’minlash va ovqatlanishini tashkil etish, tibbiy xizmat va dori-darmon ta’minotini yo‘lga qo‘yish, mehnat muhofazasi talablariga rioya qilish, madaniy-ma’rifiy ishlar va rag‘batlantirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Ko‘rgazmali seminarda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov so‘zga chiqdi.