Mavsumga puxta hozirlik ko‘rilmoqda
“Toshkentshahargaz” boshqarmasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ikkita yuqori bosimli gaz quvuri barpo etilmoqda. Mazkur gaz quvurlari Bektemir va Uchtepa tumanlarining gaz ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
“Toshkentshahargaz” boshqarmasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ikkita yuqori bosimli gaz quvuri barpo etilmoqda. Mazkur gaz quvurlari Bektemir va Uchtepa tumanlarining gaz ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 1-iyulda qabul qilingan 2014-2015-yillarda iqtisodiyotimiz tarmoqlarining kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24-iyundagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz gaz ta’minoti tizimini yanada rivojlantirish va uning barqaror faoliyat yuritishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida 2014-2015-yillar kuz-qish mavsumiga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda poytaxtimizda tabiiy gazdan 10 mingdan ortiq yuridik shaxs va 580 ming maishiy iste’molchi foydalanadi. Soha mutaxassislarining tasdiqlashicha, kuz-qish davrida shahardagi uchta gaz taqsimlash stansiyasining umumiy o‘tkazish quvvati sutkasiga 18-22 million kub metrga yetadi.
“Toshkentgazta’minot” unitar korxonasi huzuridagi “Toshkentshahargaz” filiali boshlig‘i o‘rinbosari T.Soliyevning ta’kidlashicha, kuz-qish davrida havo haroratining pasayishi bilan shahar gaz ta’minoti tizimiga tushadigan yuklama keskin oshadi. Shahar gaz ta’minoti tashkilotlarida amalga oshirilayotgan izchil ishlar mavsumga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlamoqda.
Ayni paytda yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumiga poytaxt gaz ta’minoti tizimini tayyorlash ishlari qizg‘in borayotir. Qurilish-ta’mirlash, tekshirish-tajriba ishlari bajarildi.
Jumladan, 180 kilometr gaz quvurini sinovdan o‘tkazish va havo bilan tozalash ishlari amalga oshirilib, 874 kilometrdan ortiq gaz tarmog‘i tekshirildi. Bu gaz quvurlari holatini baholash aniqligini oshirish imkonini berdi. 10 kilometrdan ziyod gaz tarmog‘i kapital ta’mirlandi. Mazkur jarayonda ishdan chiqqan quvurlarni tiklash bo‘yicha innovatsion texnologiya qo‘llanildi. 1,8 mingdan ortiq o‘rta va yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti taftish va profilaktika qilindi.
Poytaxtimiz aholisini “zangori olov” bilan uzluksiz ta’minlashda Bektemir tumani Binokor aholi punkti hamda Uchtepa tumani O‘rikzor va Ko‘ksaroy mahallalaridagi yangi yuqori bosimli gaz quvurlari muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda Bektemir tumanida uzunligi uch kilometrlik gaz quvurini barpo etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tez orada qurilishi boshlanadigan ikkinchi gaz quvuri ikki kilometrdan ortiq masofaga cho‘ziladi.
– Yangi gaz quvurining qurilishi tumanimizda gaz bosimining barqarorligini ta’minlaydi, – deydi Bektemir tumanida istiqomat qiluvchi A.Haydarov. – Demak, yaqinlashib kelayotgan mavsumda xonadonlarimiz doimo issiq bo‘ladi.
Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish poytaxtimiz gaz ta’minoti tizimining barqaror va samarali faoliyat yuritishi kafolatidir. Ayni paytda foydalanilgan «zangori olov» uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash ham muhim ahamiyatga ega.