Milliy chempionat Superliga jamoalarining yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari borasidagi xabarlarni davom etamiz.
«Qo‘qon-1912»: jamoaga kelib qo‘shilgan, sinovlardan o‘tayotgan futbolchilar va jamoani tark etish istagida bo‘lganlar soni tenglikni ko‘rsatyapti.
O‘tgan mavsumda «Mash’al»da o‘ynagan Mo‘min Meliyev, «Andijon»ning sobiq o‘yinchilari Farhod Bekmurodov, Eldor Adhamov, «Istiqlol»dan kelgan Xurshid Xo‘jayev hamda serbiyalik Slavko Lukichlar bilan kelishuvga erishgan bo‘lsa, Asadbek Sobirjonov («Paxtakor»), Anvarjon Xojimirzayev («Istiqlol») va Ilhom Vahobov («Neftchi») hamon sinalmoqda.
Jamoani yordamchi murabbiy Davron Fayziyev tark etgan. U ayni paytda bosh murabbiy sifatida «Buxoro»ni yangi mavsumga tayyorlayapti. Shuningdek, Muzaffar Muzaffarov «Turon», Quvondiq Ro‘ziyev «Navbahor» klublari bilan shartnoma imzolashga ulgurishdi. Jasur Yoqubov «Surxon», Islom Abdullayev «Turon» jamoalariga ijaraga berildi. Botirali Ergashev (AGMK), Sobit Sindarov («Neftchi») ham o‘z omadlarini boshqa jamoalardan izlashyapti.
«Navbahor»: No‘’mon Hasanovning jamoada bosh murabbiy sifatida ish boshlaganidan hamma xabardor. Unga yordamchi sifatida serbiyalik Drajen Dukich taklif etildi. «Qo‘qon-1912»dan Quvondiq Ro‘ziyev, AGMKdan Bahrom Abdurahimov, «Andijon»dan Xushnudbek Avilov va Farhod Mirahmatov, «Mash’al»dan Rahim Davronov jamoaning yangi a’zolariga aylanishdi. Mashg‘ulotlarda bir qator xorijlik futbolchilar sinovdan o‘tishyapti – serbiyalik Nikola Tasich va Slavisha Stoyanovich, ukrainalik Yuriy Kolomoyes shular jumlasidan.
Jamoaning yetakchisi, 2021 yilgi mavsum ham «Navbahor» safida bo‘lishi lozim bo‘lgan Azizbek Turg‘unboyevning transferini «Paxtakor» sotib oldi. Yana bir qator futbolchilar qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshqa jamoalarda olib borishyapti. Bular - G‘iyosjon Komilov («Turon»), Tohir Shamsitdinov («Neftchi»), Javlon Ibrohimov («Bunyodkor»), Dilshod Hamroyev («Dinamo»), Xurshid Muxtorov va Islom Rashidxonov («Lokomotiv»), Abdujamol Isroilov («Buxoro»), Abdulhay Ismoilov («Andijon»)...