Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MAVSUM TARADDUDI: «Mash’al»da ikki nafar nigeriyalik legionerlar
17:46 / 2021-02-02

Yangi yilning dastlabki oyi ham ortda qoldi. Ilk kunlardan mashg‘ulotlarga kirishgan jamoalarda ish qizg‘in.

Sinovdan o‘tish uchun u jamoadan bunisiga ko‘chib o‘tayotgan futbolchilarning keti uzilmaydi. Xorijda yig‘in tashkil qilgan, o‘rtoqlik uchrashuvlariga zo‘r berayotgan jamoalar ham talaygina.

Aytaylik, BAAning Dubay shahrida ikki haftadan buyon yig‘in o‘tkazayotgan «Paxtakor» jamoasi «Zenit» (Sankt-Peterburg)dan keyin kuni kecha Moskvaning «Spartak» klubi bilan ham kuch sinashdi. Qiziqarli kechgan o‘yinda rossiyaliklar kichik hisobda g‘alaba qozonishdi – 2:1. «Sherlar» ertaga Latviyaning «Riga» klubiga qarshi maydonga tushishadi va 5 fevral kuni Dubayni tark etishadi.

Xorijda shug‘ullanayotgan jamoalardan yana biri «Qizilqum». Navoiyliklar 28 yanvardan buyon Turkiyada yig‘in o‘tkazyapti. Yig‘in doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishga ham ulgurishdi. Avvaliga Vladikavkazning «Alaniya» jamoasi bilan kuch sinashdi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Bosniya va Gersogovinaning «Boras» jamoasiga qarshi o‘yinda esa Hamidjon Aktamov shogirdlari 1:0 hisobida zafar quchishdi. Tarkibga kelsak, o‘tgan mavsumda «Qizilqum» sharafini himoya qilgan Sunnatilla Abdullajonov ayni paytda o‘z omadini «Bunyodkor»da sinab ko‘ryapti. Jamoa mashg‘ulotlarida Vohid Shodiyev ham ko‘rinish bermayapti. Aksincha, o‘tgan yili AGMK safida bo‘lgan gruziyalik futbolchilar - Elguja Grigalashvili va Mate Vatsadze navoiyliklarning mashg‘ulotlarida ishtirok etishmoqda.

«Mash’al» jamoasi ham tarkib kuchaytirish payida. 9 yanvardan yangi mavsum taraddudini boshlagan muborakliklar mashg‘ulotlarini o‘z bazalarida olib borishyapti. Ispaniyalik Serxio Marinangeli bosh murabbiylik qilayotgan jamoa tarkibida ikki nafar nigeriyalik futbolchi ko‘rikdan o‘tyapti. Samuel Ononivu mamlakatining «Bolton Siti», Ukeme Uilyams esa «Akva Yunayted» jamoalarida to‘p surishgan. Shuningdek, o‘tgan mavsumda turli jamoalarda o‘ynagan Shahzod Shaymanov, Nodir Mavlonov, Siroj Allayev, Rahmon Ochilov, Sardor Xursandov, Jasur Kurbonov, Muhammad Yo‘ldoshev, Muhammadjon Sultonov, Feruz Mo‘minov, Javohir Shodmonov, Muhriddin Shamsiddinov ham mashg‘ulotlarda qatnashyapti. Aksincha, jamoa vakillari hisoblangan Mo‘min Meliyev («Qo‘qon-1912»), Akobir To‘rayev («Oqtepa»), Darko Stanoyevich (Serbiya, «Neftchi») boshqa jamoalar yig‘inlarida ishtirok etishmoqda.

Oybek YUNUSOV, O‘zA