O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda “Hududgaz Toshkent” GTF bilan hamkorlikda tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan Bo‘stonliq tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, tabiiy gaz bilan bog‘liq xavfsizlik choralarini ko‘rish, aholiga tushuntirish ishlarini olib borish, tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Mazkur o‘rganishlar davomida tumandagi mas’ul mutasaddilar va soha mutaxassislariga tabiiy gazning yo‘qotilishini oldini olish, uni kelib chiqish sabablarini aniqlash va bartaraf etish, asossiz yo‘qotishlarga barham berish, gaz sarfini tejaydigan uskunalarning imkoniyatlarini iste’molchilarga keng tushuntirish, shuningdek, ikki bosqichli tizimga o‘tkazish kabi masalalar yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Xususan, Bo‘stonliq tuman gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan 2025–2026 yil kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish jarayonida aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz ishlatish va chekka hududlarda yashovchilarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgacha 200 metr gaz quvurlari kapital va 2,2 kilometr joriy ta’mirdan chiqarildi, 333 ta gaz taqsimlash punkti va shkafli gaz regulyatorlari profilaktikadan o‘tkazildi. Shuningdek, aholi xonadonlaridagi gaz hisoblagichlar va uskunalarning texnik holati tekshirilib, xavfsizlik talablariga javob berishi ta’minlanmoqda.
Bundan tashqari, tog‘li va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholini muntazam gaz bilan ta’minlash masalasi ham doimiy e’tiborda. Joriy yil davomida ushbu joylarga 812 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Mas’ullarning ta’kidlashicha, qishning ayozli davrida aholini gaz bilan ta’minlashda uzilishlar yuz bermasligi uchun qo‘shimcha 4 ta maxsus avtotransport va 1 ta zaxira omborxona tayyor holatga keltirilgan.
A.Musayev, O‘zA