French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavsum oldidan foydali tadbir
16:12 / 2026-02-20

Joriy yilning 3-5-mart kunlari Jomboy tumanida joylashgan “SOF EXPO” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida “AGRO PRO EXPO 2026” xalqaro agro-sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Har yili qishloq xo‘jaligi mavsumi boshlanishi arafasida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur ko‘rgazma Markaziy Osiyodagi eng muhim professional platformalardan biri sifatida yil sayin mavqeini mustahkamlab bormoqda. Joriy yilgi ko‘rgazma bilan bog‘liq yangiliklar, o‘tkazish tartibiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, bu yilgi ko‘rgazma ishtirokchilari soni ancha ortgan. Eng muhimi, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xorijiy korxona va tashkilotlar geografiyasi ham sezilarli kengaygan.

– Ilm-fan taraqqiyoti qishloq xo‘jaligi sohasida ham zamonaviy yondashuvlarni talab qilmoqda, – deydi AGRO PRO EXPO tashkilotchisi, “SOF EXPO” ko‘rgazma majmuasi rahbari Ahmad Tojiboyev. – Shu bois, AGRO PRO EXPO ko‘rgazmasini tashkil qilib, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi barcha tizim vakillarini bir joyda jamlab, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy yangiliklar, zamonaviy texnologiyalar, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni batafsil tushuntirish, amaliyotga tatbiq etish masalalarini yetkazishni maqsad qilganmiz. Bu yilgi ko‘rgazmada 130 dan ortiq ishtirokchi o‘z mahsulotlarini namoyish etish istagini bildirgan bo‘lib, ularning 35 dan ortig‘ini xorijiy korxona va tashkilotlar tashkil qiladi. E’tiborlisi, mamlakatimiz va qo‘shni respublikalardan tashqari Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlaridan ham ishtirokchilar qatnashish istagini bildirgan.

Matbuot anjumanida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rgazma zamonaviy agrotexnologiyalar va innovatsion yechimlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomatlashtirilgan tizimlar, zamonaviy sug‘orish uskunalari, urug‘lik, agroximikatlar va laboratoriya uskunalari, mahsulotlarni saqlash va logistika yechimlari, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlarini qamrab oladi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha nazariy va amaliy taqdimotlar, muhokamalar, uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani tashkilotchilari ommaviy axborot vositalari vakillariga ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida ma’lumot berdi. OAV vakillari bugungi kunda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar, ko‘rgazmaning tashkiliy masalalari bilan bog‘liq savollariga mas’ullardan batafsil javob oldi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari