Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavsum g‘alaba bilan boshlandi
16:02 / 2025-12-27

Yangi mavsum oldidan yuqori maqsadlar va katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rayotgan “Guliston” professional futbol klubi mavsumoldi rejasi doirasidagi ilk nazorat uchrashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Navbatdagi sinov bahsi Yangiyer shahrida joylashgan Sirdaryo futbol akademiyasi jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida “Guliston” PFK futbolchilari o‘zlarining yuqori mahorat darajasi, jismoniy tayyorgarligi va o‘yin tajribasi bilan raqibdan ustun ekanini yaqqol namoyish etishdi.

Natijada bahs jamoamizning 7:0 hisobidagi ishonchli va yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvda gollar mualliflari sifatida Shohnazar Norbekov va Alisher Sobirjonov alohida faollik ko‘rsatib, har biri ikkitadan gol urib, dubl qayd etishdi.

Shuningdek, Azamat Abduhalilov ham o‘z nomini tabloga yozdirdi. Hujum chizig‘idagi jadallik, o‘zaro tushunish va tezkor kombinatsion o‘yin jamoaning asosiy ustun jihatlari sifatida namoyon bo‘ldi.

Mazkur nazorat uchrashuvida murabbiylar shtabi har ikki taymda ham barcha futbolchilarga maydonga tushish imkoniyatini yaratishga alohida e’tibor qaratishdi. Shu orqali futbolchilarning jismoniy holati, o‘yin amaliyoti hamda turli taktik sxemalardagi harakatlari chuqur tahlil qilindi. Ayniqsa, yosh futbolchilarning o‘yinga tez moslashuvi, maydondagi intilishi va mas’uliyati murabbiylar tomonidan ijobiy baholandi.

Uchrashuv davomida himoya va yarim himoya chizig‘idagi intizomli o‘yin, tezkor pressing va hujumga o‘tishlar jamoa tomonidan ishlab chiqilayotgan taktik rejalarning samarali ekanini ko‘rsatdi.

Darvozabonlar ham ishonchli harakat qilib, raqibga gol urish imkoniyatini bermadi.

Ayni paytda “Guliston” PFK mavsumoldi tayyorgarlikni belgilangan reja asosida davom ettirmoqda. Oldinda yana bir qator nazorat uchrashuvlari rejalashtirilgan bo‘lib, ular orqali jamoaning optimal tarkibi shakllantirilishi va yangi mavsumga tayyorgarlik yanada kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar yangi mavsumda muxlislarni munosib o‘yin va yuqori natijalar bilan quvontirishni a maqsad qilgan.

Uchrashuvdan so‘ng “Guliston” professional futbol klubi bosh murabbiyi Temur Jo‘rayev jamoaning mavsumoldi tayyorgarligi va ilk nazorat o‘yini haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Temur Jo‘rayev ta’kidlashicha, mazkur nazorat uchrashuvi jamoaning joriy holatini baholash, futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi va taktik topshiriqlarni bajarish darajasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etgan.

— Mavsumoldi davrida asosiy e’tiborni jamoaviy o‘yin, o‘zaro tushunish va intizomga qaratyapmiz. Bugungi uchrashuvda futbolchilar berilayotgan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishga harakat qildi. Hisobdan ko‘ra muhim jihat — maydondagi harakat, intilish va raqobatbardoshlik bo‘ldi,” — dedi bosh murabbiy.

Shuningdek, murabbiy jamoada yosh futbolchilarga ishonch bildirish, ularni asosiy tarkibga bosqichma-bosqich jalb etish klubning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining muhim qismi ekanini alohida qayd etdi.

Temur Jo‘rayev o‘zining professional faoliyati davomida turli jamoalar bilan samarali ish olib borgan, milliy chempionatlarda raqobatbardosh jamoalarni shakllantirishda tajriba to‘plagan mutaxassis sifatida tanilgan. Uning rahbarligida jamoalar jismoniy tayyorgarlik, taktik intizom va maydondagi uyushqoqlik borasida sezilarli o‘sishga erishgan.

“Guliston” PFKdagi faoliyati davomida ham Temur Jo‘rayev jamoada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda mahalliy iqtidorlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa jamoaning yangi mavsumda oldiga qo‘ygan yuksak maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA