Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavlono Jaloliddin Rumiy ziyoratgohiga fotosayohat
16:17 / 2022-08-13

FOTOREPORTAJ

Turkiyaning Konya shahrida Mavlono Jaloliddin Rumiy ziyoratgohi bor. Ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri Alimurod Mamadaminov Konya shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Ziyoratgohdan tayyorlangan maxsus fotoreportajni e’tiboringizga havola etamiz. 

Mavlono Jaloliddin Rumiy 1207 yil 30 sentyabrda Balxda tug‘ilgan. Uning otasi shahar peshvolaridan bo‘lib, “Olimlar sultoni” unvonini olgan Husayn Xatibi o‘g‘li Bahouddin Valad, onasi Balx amirining qizi Mo‘mina xotundir. Bahouddin Valad ba’zi siyosiy voqealar va mo‘g‘ul istilosi sababli Balxdan ketishga majbur bo‘lgan.

[gallery-8292]

1212 yoki 1213 yil oila o‘z yaqinlari bilan Balxdan chiqib Nishopurga kelgan. Bahouddin Valad bu shaharda mashhur mutasavvif Fariduddin Attor bilan uchrashadi. Mavlono kichik bo‘lishiga qaramay, Fariduddin Attorning nazariga tushdi. Bahouddin Valad Nishopurdan Bag‘dodga va keyinchalik Kufa yo‘li orqali Ka’baga yo‘l oladi. Haj amalini bajargandan so‘ng Shomga keladi. Shomdan Malayziya, Erzinjon, Sivas, Qaysari, Nig‘de yo‘llari orqali Larende (Karaman)ga keladi. Karamanda amir Muso qurdirgan madrasada qo‘nim topadi. 1222 yilda Karamanga kelgan Bahouddin Valad va uning oilasi bu yerda yetti yil yashaydi.

Mavlono 1225 yilda Sharafuddin Loloning qizi Gavhar xonimga uylanadi. Mavlononing bu nikohidan Sulton Valad va Alouddin Chalabiy ismli ikki o‘g‘li bor. Gavhar xonim vafot etganidan bir necha yil o‘tib, bir bolasi bilan beva qolgan Karra xonimga uylanadi. Mavlononing ikkinchi nikohidan Muzaffariddin, Amir Alim Chalabiy degan ikki o‘g‘il va Malika xonim ismli bir qiz dunyoga keladi.

O‘sha kezlarda Onado‘lining katta qismi Saljuqiylar davlatining hukmronligi ostida edi. Bu davlatning poytaxti bo‘lgan Qo‘nyo san’at asarlari bilan mashhur, olimlar va san’atkorlari ko‘p shahar edi. Qisqasi, Saljuqiylar davlati eng porloq davrini boshdan kechirayotgan bo‘lib, davlat hukmdori Bahouddin Valadni Karamandan Qo‘nyoga yashash uchun taklif etdi.

Bahouddin Valad Sultonning taklifini qabul etdi va 1228 yil 3 mayda Qo‘nyoga oilasi va do‘stlari bilan keldi. Sulton Alouddin ularni tantana bilan qarshilab, yashashlari uchun Oltinapa madrasasidan joy ajratdi. “Olimlar sultoni” 1231 yilning yanvar oyida Qo‘nyoda vafot etib, saljuqiylar saroyining Gul bog‘chasiga dafn etildi.

“Olimlar sultoni” vafot etgach, shogirdlari va muridlari Mavlononing atrofida to‘plandi. Mavlono buyuk bir shoir va din olimi bo‘lgach, “Iplikchi” madrasasida va’zlar o‘qirdi. Va’zlari uni tinglashga kelganlar bilan to‘lib toshardi.
Hayotini “Xom edim, pishdim, yondim” so‘zlari-la xulosalagan Mavlono 1273 yil 17 dekabrda yakshanba kuni Haqning rahmatiga yetishadi. 

Mavlono o‘lim kunini yangidan tug‘ilgan kun sifatida qabul qilardi. U o‘lgan zahoti sevganiga, ya’ni Allohga yetishishini his qilib, do‘stlariga ortidan yig‘lamasliklarini vasiyat qilgan.

Muhammad AMIN (surat),O‘zA