Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavjud vaziyat tahlil qilindi
18:57 / 2026-02-02

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali majlislar zalida viloyat davolash-profilaktika muassasalari, Namangan shahri va tumanlar tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda yuqumli kasalliklar profilaktikasi yo‘nalishidagi ishlar holati tanqidiy-tahliliy tarzda ko‘rib chiqildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov qayd etganidek, butun mamlakatimiz bo‘ylab, xususan, Namanganda ham qizamiq kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Birlamchi tibbiyot muassasalarida bolalarni qizamiqqa emlash uchun barcha sharoitlar yaratib qo‘yilgan. Qayd etilganidek, qizamiq – havo orqali juda tez yuqadigan virusli kasallik. U oddiy isitma yoki toshma bilan cheklanib qolmaydi. Qizamiq o‘pka yallig‘lanishi, miya yallig‘lanishi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, immunitetning kuchli susayishi kabi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. 

Qizamiqqa qarshi emlash bolani ushbu kasallikdan deyarli 100 foiz himoya qiladi. Vaksina ko‘p yillar davomida butun dunyoda qo‘llanib kelinadi, va u xavfsiz hamda samarali vosita, shu tufayli millionlab bolalar hayoti saqlab qolingan. 

Yig‘ilishida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilmurod Ergashevning qizamiq kasalligi tarqalishining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi hisobotida ta’kidlanishicha, amalga oshirilayotgan keng qamrovli tadbirlarga qaramay Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida xavotirli vaziyat saqlanib turibdi. 

Yig‘ilishda aholi o‘rtasida ushbu xastalik haqida yetarli darajada tasavvur hosil qilish uchun mahallalardagi tibbiy targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Qizamiqqa qarshi vaqtida emlash samarali va zaruriy chora ekanligini odamlarga tushuntirish lozim. 

Joriy yilning 1-10 fevral kunlari viloyatda immunizatsiya o‘n kunligini o‘tkazish yuzasidan taklif bildirildi. Bu borada ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadga muvofiq. 

Muhokama yig‘ilishida boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Viloyatda ruhiy kasalliklar bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil etiladigan bo‘ldi. Sohada qonun ustuvorligini ta’minlash, tibbiyot xodimlari o‘rtasida huquqiy yo‘nalishdagi, onalik va bolalik muhofazasiga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.