English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavjud muammolarni hal qilishda deputatlarning o‘rni
14:36 / 2025-04-26

Navoiy shahar hokimligi viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Yoshlar texnoparki”da “Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi tomonidan mavjud muammolarni hal qilishda deputatlarning o‘rni” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda Kengash kotibiyat mudiri Jo‘rabek Hafizov ma’lumot berdi.

Bugungi kunda shahar Kengashida 25 nafar deputat faoliyat olib boradi. Kengash tarkibida 5 ta doimiy komissiya mavjud.

Hozirda deputatlar va “mahalla yettiligi” hamkorligida aholi muammo va takliflari o‘rganilib, tegishli tashkilot va korxona rahbarlariga 21 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan.  

Kengash tomonidan nazorat ob’ekti sifatida o‘rganilayotgan masalalarga oid ekspertlar xulosalari tayyorlanib, aholi va jamoatchilik fikrlari hamda murojaat, takliflari umumlashtirilib, tegishli doimiy komissiyalarga taqdim etilmoqda. Sessiyalarga tashabbus masalalar kiritilmoqda.

Joriy yilning 1-choragida “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali 57 ta topshiriq va murojaat kelib tushgan bo‘lib, ijrosi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, deputatlarning faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning faolligini oshirish maqsadida Oliy Majlis qo‘mitalari va Senati devoni bo‘linmalari bilan birgalikda deputat va kotibiyat xodimlarining bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan o‘quvlar, seminar hamda davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.

– Bugungi kun deputati har qachongidan-da faol va tashabbuskor bo‘lishi lozim, – deydi xalq deputatlari shahar Kengashi deputati Muhammad Eshniyozov. – Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalar, xususan, odamlarning kundalik hayotidagi muammolarini tezroq bartaraf etishda biz deputatlar birinchi safda turishimiz kerak. Buning uchun deputat xalqqa eng yaqin shaxs bo‘lishi, doimo el-yurtning tashvish va g‘ami bilan yashashi, katta bilim va tajribaga ega bo‘lishi kerak. Chunki aholi deputatga ishonib murojaat qilar ekan, murojaat yechimida undan umidi katta bo‘ladi. Ishonch esa deputat uchun eng katta mas’uliyatdir. Fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarga o‘z vaqtida yechim topish esa bugungi kun talabidir.

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va ma’lum bir muddatlarda “Deputatlik soati” tadbirini tashkil etishga kelishib olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri