Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlar fosh etilmoqda
18:31 / 2023-06-17

Buxoro viloyatida bir kunda mavhum holatda sodir etilgan to‘rtta jinoyat fosh etildi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Bugungi kunda Buxoro viloyatida mavhum holatda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasida alohida tezkor qidiruv guruhlari tomonidan bir qator manzilli chora-tadbirlar belgilanib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Jumladan, olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida bir kunda mavhum holatda sodir etilgan to‘rtta jinoyat fosh etildi.

Noma’lum shaxs tomonidan Shofirkon tumani Bog‘iafzal mahallasida yashovchi bir fuqaroning yashash xonadoniga o‘g‘irlikka suiqasd qilinganlik holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25/169-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni tumanning Bog‘iafzal mahallasida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro X.P. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlandi.  

Xuddi shunday ikkinchi holatda Kogon shahrida noma’lum shaxs, Qorovulbozor shoh ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning pod’ezdida qarovsiz qoldirilgan, 1.000.000 so‘mlik velosipedni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligi bo‘yicha Kogon shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni G‘ijduvon tumani Bo‘ktaroy mahallasida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro H.R. sodir qilganligi ma’lum bo‘lgan.  

Shuningdek, yana bir holatda Kogon tumanida noma’lum shaxs tomonidan boshqa bir fuqaroga tegishli, Kogon tumani O‘zbekiston mahallasida joylashgan “Said Amir Firdavsbek” oilaviy korxonasiga qarashli oziq-ovqat savdo do‘konidan bahosi 500.000 so‘mlik bir dona “RedMI NOT-7” rusumli telefon apparatini, 700.000 so‘m naqd pullarni va qora rangli sumkaning ichida bo‘lgan bahosi 200.000 so‘mlik bir dona “Micromax” rusumli telefon apparatini o‘g‘irlab olganligi aniqlangan. Mazkur holati yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida esa ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri A.Rahimboyev ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Y.G. ismli ayol sodir qilgan.  

Navbatdagi to‘rtinchi holatda noma’lum shaxs tomonidan Kogon tumanidagi paxta tozalash zavodining kiyim almashtirish xonasida, boshqa bir fuqaroning kiyimi cho‘ntagida bo‘lgan “Samsung-A10s” rusumli uyali telefon apparatining o‘g‘irlab ketilganligi holati yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni tumanning Sarayon mahallasida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro J.H. sodir qilganligi fosh etilgan.

Barcha fosh etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha daliliy ashyolar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklarini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA