Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matonatli sportchilarimiz tantanali kutib olindi
21:10 / 2023-10-29

Joriy yilning 22-28 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etgan mamlakatimizning matonatli paralimpiyachilari 25 oltin, 24 kumush va 30 bronza, jami 79 medalni qo‘lga kiritib, Vatanimiz sport shuhratini ulug‘lagan holda yurtimizga qaytib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ushbu nufuzli musobaqa g‘oliblari, sovrindorlari va ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi.

Shu munosabat bilan bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, paralimpiyachilarimizning ota-onalari, jurnalistlar yig‘ildi.  

O‘zbekistonlik sportchilar joriy yilgi sport mavsumining eng nufuzli kompleks musobaqasi – XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etib, qit’amizga mamlakatimizning ulkan sport salohiyatini namoyon etdi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlari mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.

Sportchilarimizning XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida xalqqa ulashgan, elning qaddini, g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘targan muzaffar onlarining hovuri bosilmay turib, yana g‘alaba nashidasi, baxtiyor lahzalar shukuhi qalblarimizni chulg‘ab oldi.  

Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan IV Paraosiyo o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan natijalar ana shunday tuyg‘ularni baxsh etdi. Qit’a miqyosidagi ushbu nufuzli sport anjumanida 40 dan ziyod davlatdan to‘rt mingga yaqin para sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi.  

Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekistonning 74 nafar sportchisi para dzyudo, para suzish, para yengil atletika, para pauerlifting, para kanoe va akademik eshkak eshish, para taekvondo, para velosport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan shiddatli bellashuvlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, jami 79 ta medalga sazovor bo‘ldi.  

... Mana, orziqib kutilgan damlar – Paralimpiyachilarimiz ulkan havo kemasidan qo‘llarida Vatanimiz bayrog‘ini mag‘rur ko‘targan holda chiqib kelmoqda. Karnay-surnay sadolari, kutib olishga yig‘ilganlarning “O‘zbekiston!" degan hayqirig‘i g‘alaba quvonchini yanada oshiradi.  

G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan Asila Mirzayorova xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundanda yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berdi.

Paraosiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va yaqinlari usti ochiq avtobusga o‘tirib yo‘lga chiqdi. Toshkent xalqaro aeroportidan O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi binosiga qadar muzaffar sportchilarimizni kutib olish uchun yig‘ilganlar ularni qutladi.

[gallery-14277]

Darhaqiqat, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, xalqaro maydonlarda matonatini, irodasini, jasoratini ko‘rsatishini ta’minlash doimiy e’tiborda.

Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston sportchilari IV Paraosiyo o‘yinlarida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Ishonamiz, kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2026 yili Yaponiyada bo‘ladigan V Paraosiyo o‘yinlarida bundanda salmoqli natijalarga erishiladi.

Zero, iroda va matonat timsoli bo‘lgan sportchilarimizga yaratilayotgan sharoit, jismoniy tarbiya va sportning yanada ommalashishi borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yutuqlar salmog‘i yuksak bo‘lishiga zamin yaratishi tayin.

Tantanali marosimda Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Javohir Toshxo‘jayev, Nosir Haydarov (surat), O‘zA