O‘zbekiston paralimpiya sport delegatsiyasi joriy yilning 16-29 oktyabr kunlari Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan IV Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Xitoyga yo‘l oldi.
Shu munosabat bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida matonat va iroda timsoli bo‘lgan sportchilarimizni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari, sport faxriylari IV Paraosiyo o‘yinlarining mamlakatimiz sport hayotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritib, kuchli iroda va shijoat timsoli bo‘lgan paraatletlarimizning mazkur nufuzli musobaqada ishtiroki millionlab yoshlarimizga ibrat ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-14137]
Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlarning tizimli olib borilayotgani natijasida parasportchilarimiz nafaqat sport musobaqalarida, balki oddiy hayot zaylida ham sog‘lom turmush tarzi tamoyillarining katta targ‘ibotchilari sifatida o‘z salohiyatini namoyon etib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzollangan «2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarorga asosan paralimpiyachilarimiz qit’aning eng nufuzli musobaqasiga munosib tayyorgarlik ko‘rdi.
Yangi O‘zbekiston kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi bilan umrguzaronlik qilayotgan, sport maydonlarida yurt bayrog‘ini yuksaltirish orzu-istaklarini qalbiga jo etgan 108 nafar para sportchilar 11 sport turida Paraosiyo o‘yinlari medallari uchun kurashishga hozirlanayotgani O‘zbekiston sport tarixida e’tiborli voqelikdir.
– Davlatimiz tomonidan biz sportchilarga mashg‘ulotlarda qatnashish, musobaqalarda ishtirok etib, munosib natijalarga erishish borasida barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. O‘tayotgan yil davomida bir qator xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda, chempionatlarda ishtirok etdik. Yuksak natijalarga erishdik. Eng muhimi, yil davomida uzliksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashib, Xanchjou-2022 o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rdik. O‘ylaymanki, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka Paraosiyo o‘yinlaridagi g‘alabalarimiz bilan javob qaytaramiz, – dedi para taekvondo bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi, jahon chempioni, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibasi Guljanoy Naimova.
Aytish lozim, O‘zbekiston delegatsiyasi bundan besh yil muqaddam Jakarta-Palembang (Indoneziya)da o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida 33 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza, jami 75 ta medalni qo‘lga kiritgandi.
Bu galgi qit’a o‘yinlarida hamyurtlarimiz para shaxmat, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para velosport, para taekvondo va para stol tennisi dasturlarida ilk marotaba ishtirok etadi. Para o‘q otish, para stol tennisi, para yengil atletika, para dzyudo, para taekvondo, para pauerlifting, para velosport, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para suzish dasturlarida paralimpiyachilarimiz medallar bilan bir qatorda Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari va reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.
Kuzatish marosimida ishtirok etgan Yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasi B.Maxsitov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi M.Toshxo‘jayev, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi, para yengil atletika bo‘yicha jahon chempioni Nurxon Qurbonova va boshqalar o‘yinlarning ahamiyati haqida so‘z yuritib, sport delegatsiyamiz oldida turgan vazifalarning ne chog‘li ulug‘ ekanligini ta’kidladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, Muhammad Amin (surat), O‘zA