Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matonatli sportchilar para tog‘ chang‘isi bo‘yicha bellashdi
12:05 / 2022-03-09

Toshkent viloyatidagi “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan ilk bor para tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

Bu so‘zsiz, mamlakatimiz vakillari uchun qishki paralimpiya o‘yinlarining yangi zarvarag‘i ochilganligidan dalolat. 

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmud Boltaboyev, “Amirsoy” tog‘ chang‘i kurorti bosh direktori Saidvali Saidxo‘jayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yurtimizda qishki sport turlari rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani va barpo etilayotgan zamonaviy sport majmualaridan unumli foydalangan holda para atletlarimizni qishki Paralimpiya o‘yinlarida ham munosib ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidlashdi. 



Qiziqarli kechgan musobaqa yakunlariga ko‘ra, para tog‘ chang‘isi bo‘yicha ayollar o‘rtasida Asel Turdimuratova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa Yulduz Mahmudovaga nasib etdi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Firdafs Xudoyatovga teng keladigan raqib topilmadi. Kumush medalga Kamron Abduvohidov sazovor bo‘ldi. 

Bundan tashqari, para snoubord hamda aravachada kyorling bo‘yicha saralash tadbirlari o‘tkazilib, iqtidorlilar tanlab olindi. 

Bahslar yakunlandi. Muhimi, iroda va jasorat timsoli bo‘lgan para sportchilarimizning bir kunlik mashg‘ulotlari, musobaqalari ularning hayotida asrlarga tatigulik lahzalarni tuhfa etdi. 

Mamlakatimiz sport hayotida ilk bor tashkil etilgan mazkur sport tadbiri O‘zbekistonning matonatli sportchilarini kelgusidagi qishki para sport bo‘yicha olimpiya va qit’a o‘yinlari yo‘lida yangi sahifa ochishiga xizmat qildi. 

T.Ro‘ziyev, O‘zA