Matonatli shaxmatchimiz Hindistonda o‘tayotgan XXIV jahon chempionati sovrindori bo‘ldi
Hindistonning Goa shahrida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan XXIV jahon chempionatining blits bahslarida hamyurtimiz Abdurahmon Azimjonov sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi tizimidagi tashkilotlar hamda Hindiston paralimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilayotgan jahon chempionatida 16 mamlakatdan 89 nafar matonat va iroda sohiblari dona surmoqda.

Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini 7 nafar shaxmatchimiz himoya qilmoqda.
9 ta turdan iborat turnirning 15 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda hamyurtimiz Abdurahmon Azimjonov faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Bugun, 25 iyul kuni jahon chempionatining rapid yo‘nalishidagi bahslar boshlanadi.
Mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSH dollaridan iborat jahon chempionati bahslari 30 iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA