Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matonatli shashkachilarimiz Qozonda g‘alabaga erishdi
14:00 / 2025-06-10

Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lgan sportchilar o‘rtasida shashka bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumiy hisobda 7 ta medalga egalik qildi.

Kecha yakunlangan nufuzli musobaqa sarhisobiga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolari yakkalik musobaqalarda 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jamoaviy yo‘nalishdagi kurashlarda ham o‘z irodasini namoyish etgan shashkachilarimiz Rossiya jamoasini dog‘da qoldirgan holda umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.

Osiyo, Yevropa qit’asining qator davlatlari vakillari bilan kechgan shiddatli bahslarda O‘zbekiston sharafini ulug‘lagan matonatli shashkachilarimiz delegatsiyasi bugun, 10 iyun kuni erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida Sport vazirligi, O‘zbekiston shashka federatsiyasi va tegishli tashkilotlarning mutasaddilari, irodali sportchilarning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA