Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Matonatli Maryam” badiiy filmining taqdimoti o‘tkazildi
10:06 / 2025-11-27

“O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi”da “Matonatli Maryam” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

Kinematografiya agentligi tomonidan tegishli qaror ijrosi doirasida yaratilgan ushbu film jasoratli o‘zbek ayolining yorqin timsoli — ma’rifatparvar jurnalist va hamshira Maryam Sultonmurodovaning hayotiga bag‘ishlangani bilan diqqatga sazovor.

Kartinada 1920 yillarda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va siyosiy repressiyalarga uchragan vatandoshimiz Maryam Sultonmurodovaning hayot yo‘li, har qanday sinovlarda sinmagan matonati va fojiali taqdiri haqida g‘oyat ta’sirchan tarzda hikoya qilinadi.

Film Maryam Sultonmurodovaning ilm va ma’rifat yo‘lida chekkan zahmatlari, sadoqatli va  matonatli jurnalist, e’tiborli hamshira va bardoshli ayol sifatidagi faoliyatini, boshidan kechirgan og‘ir sinovlarini  tomoshabinlarga tanishtirishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor.

Yangi badiiy film namoyishi  Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish xalqaro kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan 16 kunlik global aksiya doirasida tashkil etilib, ayollar huquqlari va jamiyatdagi o‘rniga oid masalalarda jamoatchilik e’tiborini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.  

N.Usmonova, O‘zA