Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matonatli faxriylar sharaflandi
18:10 / 2023-05-08

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinmoqda.

Biz yoshlar urushning dahshatini, u keltirgan qirg‘in-barotni faqat kinolarda ko‘rganmiz, bobolarimiz va buvilarimizning hikoyalarini xuddi ertak eshitgandek tinglaganmiz. Aslida ular hatto o‘z jonlaridan-da kechib, o‘zga yurt tuprog‘ida jon olib, jon berib, qon kechib jang qilgan. Ularning mardonavor harakatlari bois bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo.  

Navoiy viloyatida 9 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda front ortida mehnat qilgan nuroniy otaxon va onaxonlar istiqomat qilmoqda. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi keng jamoatchilik vakillari ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biri xonadoniga tashrif buyurib, bayram bilan tabriklagan holda Prezidentimizning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi, 18 million so‘m pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarini topshirmoqda.  

Hozirda Xatirchi tumanida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari 2 nafar. Jumladan, 105 yoshli Boboyor bobo Karimov “Polvonota” mahallasida hayot kechirsa, 1920 yilda tug‘ilgan Beknazar bobo Qarayev “Oq oltin” mahallasida umrguzaronlik qilmoqda.  

– Mamlakatimizda 9 may sanasining “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlanishi Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan, frontlarda bedarak yo‘qolgan, g‘alabaga erishib, g‘urur bilan ona zaminga qaytgan millionlab yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat ramzidir, – deydi Beknazar bobo Qarayev. – Biz ana shunday o‘tganlarni xotirlab, hayot bo‘lganlarni esa qadrlagan davlatda, keksalik gashtini surayotgan nuroniylarga yuksak hurmat ko‘rsatilgan jamiyatda yashayotganimiz uchun minnatdormiz. Buni men urushda kechgan zahmatlarimiz, og‘ir sinovlar uchun berilgan eng katta mukofot, deb bilaman.  

Shuningdek, viloyat hokimi Karmana tumanida bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 103 yoshni qarshi olgan Pirnazar bobo Turdiyev xonadonida ham bo‘ldi. Uchrashuvda dastlab viloyat hokimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining otaxonga yuborilgan bayram tabriknomasi o‘qib eshittirildi va otaxonga 18 million so‘m pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.  

Pirnazar bobo 1941 yildan 1947 yilgacha olti yil harbiy xizmatda bo‘lgan. Olti yil ichida to‘rt marta yaralanib, uyiga ikki marta qora xat kelgan. So‘nggi bor Boltiqbo‘yida yaralangandan keyingina harbiy xizmatdan bo‘shatilgan. Xizmatdan qaytib, qirq yil xo‘jalikda temirchilik qilgan. Kunduzi ustaxonada, kechasi allamahalgacha uy qurgan. Hozir 103 yoshga kirgan otaxon bugungi dorilomon kunlarga shukronalik keltirib, yoshlarga o‘z maslahatlarini beradi.  

– Urush mamlakatimizdagi har bir oilaga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, aziyat yetkazdi, – deydi Pirnazar bobo. – Qanchadan-qancha bolalarni yetim qilib, xalqimiz qalbida esa og‘ir jarohat qoldirdi. Bunday kunlar o‘tgani rost bo‘lsin va yangi O‘zbekistonimizda doimo tinchlik, farovonlik hukm sursin.  

Albatta, keksa avlod vakillari bilan o‘tkaziladigan har bir uchrashuv, har bir bayram tadbiri nafaqat tarix va xotira, balki ota-bobolarimiz jasoratini targ‘ib qilish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA