Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matonat va jasorat maktabi O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tibori yuksalishiga xizmat qiladi
18:23 / 2022-06-07

Munosabat

Keyingi yillarda O‘zbekiston dovrug‘ini dunyoga tanitishda matonat ko‘rsatib kelayotgan para sportchilarni qadrlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida davlatimiz tomonidan misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi.

E’tiborli jihati, para sportchilarimizning qit’a va paralimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyati, ko‘rsatgan jasorati ayniqsa, Tokio – 2020 o‘yinlaridan keyin alohida qayd etildi, e’tirof qilindi va munosib taqdirlandi.

Ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish orqali mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, yoshlarni para sport turlariga keng jalb qilish ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi esa sohani tizimli rivoj topishi, bu borada amalga oshirilayotgan davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Tokioda bo‘lib o‘tgan paralimpiada o‘yinlarida munosib ishtirok etgan sportchilar bilan uchrashuvda para sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Milliy paralimpiya qo‘mitasi tarkibida “Matonat maktabi”ni tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Taqdir sinovlariga mardonavor bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topib, kerak bo‘lsa Vatanimiz sha’nini ulug‘lashda jasorat ko‘rsatayotgan para sportchilar haqiqiy matonat va qahramonlik namunasi ekanligini ta’kidlagandilar.

Shu maqsadda, kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror nafaqat para sport yo‘nalishini, balki barcha jabhalarni qamrab olganligi bilan e’tiborlidir.

Eng asosiysi, qarorda ko‘rsatib o‘tilganidek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport sohasida, paralimpiya o‘yinlarida, jahon chempionatlarida, xalqaro sport musobaqalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazish asnosida jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarining mustahkamlanishiga qaratilgan.

Bu, o‘z navbatida, o‘sib kelayotgan yosh avlodni sport turlariga jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi atrofida birlashtirishga, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni para sport turlariga yo‘naltirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirishga shart-sharoit yaratadi.

O‘zbekiston paralimpiyachilar matonat maktabining tashkil etilishi dunyoning hech bir mamlakatlari paralimpiya tarixida qayd etilmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos alohida yo‘nalish bo‘lib nom qozonadi.

Chunki butun dunyoda odamlarni faol turmush tarziga jalb etishning turfa usullari bo‘lsa, “Yangi O‘zbekiston – yangi g‘alabalar sari” degan hayotiy e’tiqodni qaror toptirish tufayli “Matonat maktabi” g‘oyasining tatbiq etilishi barchaga ibrat, sog‘lom turmush tarziga jalb etishning o‘ziga xos yo‘li bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Matonat maktabi bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini xalqaro maydonda targ‘ib etish maqsadida 2023 yildan har ikki yilda bir marotaba Toshkent shahrida “Paralimpiyachilar matonati” xalqaro forumi o‘tkazilishining belgilanishi, Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan bekatlaridan biriga “Paralimpiya harakati” nomini berish, “Paralimpiyachilar bog‘i”ni tashkil etish bo‘yicha takliflarning ma’qullanishi bu, jamiyatimizdagi imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan insonlar ko‘ngliga yorug‘ mujdalarni tuhfa etadi.

Shuningdek, Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning ta’lim olgan muassasalarida “Matonatli sportchilarimiz – faxrimiz” xonalarini tashkil etilishi hamda yana bir qator hayotbaxsh istaklarning ilgari surilishi, zarur sharoitlar yaratilishi bo‘yicha yangi tizim O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tibori yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Muxtorxon TOSHXO‘JAEV,

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi.

O‘zA