O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligi oldidan
Dunyoda shunday insonlar borki, ularga ta’rif berish qiyin. Ba’zilarda chuqur bilim bor, lekin ularga iste’dod yetishmaydi. Ayrim odamlarda kuchli iste’dod bor, ammo yetarlicha bilim ko‘nikmalariga ega emas. Yana kimlardadir iste’dod ham, bilim ham yuqori darajada, lekin insoniylik jihatidan ularni maqtay olmaymiz.
Yana bir sanoqli, sara insonlar toifasi borki, ulardan teran bilimni ham, kuchli iste’dodni ham, ajoyib insoniylik fazilatlarini ham topa olamiz.
Shunday insonlardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tarix bo‘limining boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Asqar Jumashevdir.
Xalqimizda “Bo‘lar bola besh yoshidan ma’lum” degan ibratli gap bor. Bo‘lajak olim bolaligidan bilimga chanqoq edi, ayniqsa, geografiya faniga qiziqdi. U dunyo yuzi xaritasidagi manzillarni otasi Mambet og‘adan qayta-qayta so‘rardi. Otasi pedagog bo‘lganligi bois, ustozlarga xos javob berar, o‘g‘lining iste’dodidan sevinardi. O‘qishdan so‘ng yosh Asqar futbol o‘ynashga borardi. Uning eng sevimli sport turi futbol bo‘ldi. U maktab yillarida ham, keyin talabalik davrida ham har xil musobaqalarda ishtirok etib, bir necha marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
1986 yili Nukus (hozirgi Qoraqalpoq) davlat universiteti, tarix fakultetiga o‘qishga kirdi va 1991 yili uni tugatdi. Universitet rektorati Asqar Jumashevni o‘qituvchi sifatida ishlashga taklif qildi. Bu paytda u qaror qabul qilgan edi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, N.Davkarayev nomidagi Tarix, til va adabiyot institutiga hujjatlarini topshirdi hamda ilmiy ishlarini boshlab yubordi.
Asqar Jumashev tarix fani bo‘yicha bir necha yuzlab adabiyotlarni, arxiv materiallarini ko‘rib, qiyoslab, tadqiqot ishlarini olib bordi. Bu izlanishlar, tinimsiz mehnat olimning erishgan yutuqlarida ham aniq ko‘rinadi. Olim XX asr Qoraqalpoq davlatchiligi tarixi, siyosiy elita, sobiq ittifoq hukumatining repressiya, kollektivlashtirish siyosati, demografiya va boshqa muammolar bo‘yicha keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Asqar Jumashev 1924-1941 yillardagi Qoraqalpog‘iston ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tarixi bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Uning tadqiqotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat boshqaruvining sobiq ittifoq tizimini o‘rganishga qaratilgan.
A.Jumashev 2003-2004 yillari DAAD stipendiati bo‘ldi. 2005-2006 yillari Gerda Xenkel jamg‘armasi stipendiati bo‘lib, katta natijalarga erishdi. 2005-2007 yillari “From History to Histories: Teaching the Past froma Local Perspective” yozgi maktabi ishtirokchisi sifatida faollik ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi, Sankt-Peterburg shahridagi Yevropa universiteti tashkilotchilaridan biri ham hisoblanadi. Bundan tashqari, 2006-2008 – “O‘rta Osiyo tarixini qayta ko‘rib chiqish” seminarida o‘zining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha ma’ruzalar qildi. U Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahridagi “O‘quv markazi – Bilim – Markaziy Osiyo” korporativ fondi tashkilotchilaridan biri.
2009-2011 yillari Germaniya Federativ Respublikasi Berlin shahridagi Gumboldt universiteti Aleksandr fon Gumboldt nomidagi jamg‘arma stipendiyasi sohibiga aylandi. 2016 yil oktyabr-dekabr va 2019 yil iyul–dekabr oylarida ushbu jamg‘arma doirasida ilmiy amaliyotda bo‘ldi.
Asqar Jumashev Gerda Xenkel fondi doirasida Rossiya Federatsiyasi Moskva, Orenburg shaharlarida, Qozog‘iston Respublikasi Olmaota, Qizil-Orda shaharlarida va respublikamizdagi ilmiy-tadqiqot markazlarida, kutubxonalar va arxiv fondlarida tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning rahbarligida 1 nafar tarix fanlari nomzodi, 2 nafar tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishlarini himoya qildi. Olimning respublika ilmiy jurnallarida 90 dan ortiq ilmiy maqolasi chop etildi.
Asqar Jumashev bolalik kezlarida tok urishi oqibatida ikki qo‘lidan ayrilib, nogiron bo‘lib qolgan. Bu ko‘ngilsiz hodisa uning ota-onasi, qarindoshlari, do‘stlarining ko‘z yoshlariga sabab bo‘ldi. Sun’iy qo‘llari bilan ruchkani tutib, kompyuter klaviaturalarini bosib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishiga to‘g‘ri keldi va bu davom etmoqda.
Bilim, aql-idrok, iste’dod va odamgarchilik fazilatlarini o‘zida jamlagan olim ilmiy-tadqiqot ishlaridan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xodimlari o‘rtasida har yili o‘tkazilayotgan sportning mini-futbol va shaxmat musobaqalarida faol ishtirok etib keladi.
Tarix fanlari doktori, professor Asqar Jumashevni men shoirlar she’rlarida keltirganidek, jahon urushi yillarida dushmanlarning tanklariga, qurollardan otilgan o‘qlariga ko‘ksini tutgan ko‘k eman daraxtiga o‘xshataman. Ko‘k eman shoxlari sinsa ham, yerga qulamasdan tanasini tik ushlab turadi. Shoxlaridagi yaproqlar ona Vatanga chiroy bag‘ishlabgina qolmasdan, balki atrofga toza havo ham taratadi, daraxtning soyasida esa odamlar nafas oladi. Ha, Asqar og‘a shunday ta’rifga loyiq.
Polat Uteniyazov,
Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot
instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA