O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.
Atrof bayramona bezatilgan. Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning rahbarlar tarkibi saf tortgan.
Davlat rahbari, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni ularni bayram bilan tabrikladi.
Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangradi.
Prezident “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.
Bu yodgorlik Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan jafokash va matonatli ona – Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. U xalqimizning urushdagi yo‘qotishlari, g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasining timsoli sifatida bog‘ markazidan o‘rin olgan. Bu yodgorlikka gul qo‘yish barcha O‘zbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar vakillari ham majmua poyiga gullar qo‘ydi.