Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambarlar qo‘yildi
19:50 / 2023-05-09

Poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga kirgan insonning qalbidan nimalar kechadi? Bu maskanda bugungi osoyishta zamon, to‘kis hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligini yaxshiroq tuyasiz. Tinchlik va mustaqillikni ko‘z qorachig‘idek asrash muqaddas burchligini teranroq anglaysiz.

Bog‘dagi “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi poyida bolachalar shodon qiyqirib, o‘ynab yuribdi. O‘zbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirovaning haykaliga tikilasan.  Ona “Ilohim, urush nimaligini bilmay yashagin, bolam” deyayotganday tuyuladi.  

Bog‘da urush va uning oqibatlari mohirlik bilan aks ettirilgan. Ana hammasi haqqoniy... Okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari. O‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar. Front ortida jasorat ko‘rsatayotgan elimiz. Bularning barchasi xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida “hikoya” qiladi. Bu manzaradan qalb eziladi, qalb g‘ururga to‘ladi.  

Bugun bu bog‘ har doimgidan ham gavjum. Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangrab turibdi. Turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bog‘da jam bo‘ldi. Ular bu yerda “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi poyiga gulchambarlar qo‘yish marosimida ishtirok etdi.  

Tadbirdagi suhbatlarda Prezidentning 2019 yil 23 oktyabrdagi «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida bunyod etilgan ushbu yodgorlik majmuasi haqida fikrlar bildirilmoqda. Darhaqiqat, xalqimizning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tarixini, qahramonligini yaxlit aks ettirgan majmua yoshlar tarbiyasida ham muhim ahamiyatga ega.  

– Bugun parlament a’zolari boshqa vakillar bilan birgalikda “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi poyiga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etdik, – deydi senator Malika Qodirxonova. – Bu yerga kelganlar kayfiyati, tadbirga tayyorgarliklar ham ko‘tarinki ekanini his qildik. Shu o‘rinda ta’kidlashni istardim, mamlakatimizda nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor yildan-yilga ortib bormoqda. Biz ming-ming yillik tarixga ega xalqmiz. Kattalarga hurmat, e’zoz milliy qadriyatlarimizning asosiylaridan biri sanaladi. Yaqinda Ikkinchi jahon urushi va front orti faxriylarining soni mamlakatimizda 200 nafardan kamroq qolgani bilan bog‘liq statistikani o‘qidim. Bugun mamlakatimizda ularga e’tibor juda yuqori. bugungi kunlarga yetishimizda ularning mehnatlari katta. Buni xalqimiz unutmaydi.  

Mamlakatimizning barcha hududlarida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tadbir va uchrashuvlar davom etmoqda.  

Ikrom AVVALBOEV,  

Nishonboy ABDUVOITOV (video), O‘zA