Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matematika olimpiadasidagi zafarlar
20:11 / 2025-04-19

Aqlu zakovatli yoshlar – millat tayanchi. Binobarin, ertamiz egalarining bilim va salohiyati xalqaro miqyosda namoyon bo‘layotganini ko‘rgan borki, taraqqiyotga yanada ishonch bilan boqadi. Namangan davlat texnika universiteti talabalari ayni shu haqiqatni amalda isbotladi.

Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan u

niversitet talabalarining ochiq matematika olimpiadasida (“OMOUS–2025”) Vatanimiz sharafini himoya qilgan to‘rt iqtidorli talabaning uch nafari muvaffaqiyatli natijalarga erishdi. Mazkur nufuzli tanlovda qatnashgan Namangan davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori Rustamjon Murodov boshchiligidagi talabalar kuchli raqobat muhitida yetuk bilim va mantiqiy tafakkur namunalarini ko‘rsatdi.

Jumladan, tanlovning “B” toifasi bo‘yicha Umidjon Habibullayev kumush, Mirzobek Qodirov va Islomjon Nizomiddinov bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Umidjon Habibullayev ushbu yuksak natijasini ustozlari va jamoasining sa’y-harakatlari samarasi, deb biladi.

– Nufuzli olimpiadalar orqali nafaqat individual bilimlar, balki jamoaviy yondashuv, tezkor fikrlash va raqobatbardoshlik singari ko‘nikmalar ham shakllanadi, – deydi Umidjon Habibullayev. – Shu o‘rinda, menga yaqindan ko‘maklashgan universitet jamoasi hamda ustozlarimga minnatdorlik bildiraman. Ularning fidokorona yordami va oliygohda yaratilgan imkoniyatlar bo‘lmaganda, yuqori zafarga ega chiqish mushkul bo‘lardi.

Albatta, bu kabi yutuqlar tasodif emas. Bu – izchil ta’lim tizimi, fidoyi ustozlar va bilimga chanqoq yoshlardan shakllangan ajoyib muhit mahsulidir. Zero, Namangan davlat texnika universitetida talabalar nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy tajriba va xalqaro maydonlardagi ishtiroklar orqali cho‘qqilarni zabt etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA