Matematika fani taraqqiyoti – porloq istiqbol kafolati
Prezidentimiz 2020-yil 7-may kuni “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarorga imzo chekdi.
M u n o s a b a t
Prezidentimiz 2020-yil 7-may kuni “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarorga imzo chekdi.
Ushbu hujjatni bugungi kunning muhim qarorlaridan biri deb bilamiz. Sababi hozirgi davrda har bir sohani, har bir fanni matematikasiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Iqtisodiyotni olasizmi, qishloq xoʻjaligimi, ogʻir va yengil sanoatmi, albatta, matematika bilan bogʻliqdir.
Qarorning muhim jihatlaridan biri shundaki, bolaga maktabgacha boʻlgan davrdan boshlab matematikani oʻrgatish, matematik tasavvurlarni paydo qilish kerak. Shunda u maktabgacha talimdan boshlab oliy talimdan keyingi davrgacha boʻlgan jarayonni bosqichma-bosqich oson bosib oʻtadi.
Xususan, maktabgacha yoshda ilk matematik tasavvurlarni shakllantirish boʻyicha zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, dastlabki sanoq, qoʻshish, ayirish oʻrgatilib, fanga qiziqtirilib borilsa, kelajakda yuksak marralarni koʻzlash mumkin boʻladi.
Qarorga koʻra, matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti eʼlon qilindi va gʻolibga 50 ming AQSH dollari taqdim qilinishi belgilandi. Bunday moddiy ragʻbatlantirish jahonning nufuzli ilmiy markazlarida ham yoʻq. Dunyoda bu darajadagi eng koʻp mukofot 10 ming AQSH dollari etib belgilangan. Davlatimiz rahbari bejiz bu mukofotni qaror asosida belgilab qoʻymadi. Endilikda har bir izlanuvchi, olim, professor, akademiklarimizning mehnat mahsuldorligini yana-da oshirish hamda yurtimizga, ilm-fanga yangi gʻoyalarni tatbiq qilish va ularning mehnatini munosib moddiy ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Qarorda hududlarda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini rivojlantirish hamda yangi maktablarni tashkil etish ustuvor yoʻnalishlardan biri qilib belgilandi. Ushbu ixtisoslashgan maktablarning tashkil qilinishi koʻpchilikning azaliy orzusi desa ham boʻladi. Chunki matematikani bilgan har bir oʻquvchi boshqa fanlarni oʻzlashtirishi yaxshi boʻladi. Bizga maʼlumki yurtimizda matematika faniga ixtisoslashgan maktablar koʻp. Lekin hammasining xam natijasi yuqori darajada emas. Endilikda ushbu yangi maktablarda zamonaviy pedtexnologiyalar qoʻllaniladi. Bu esa taʼlim sifatini oshiradi, malakali kadrlar bilan taminlash imkonini beradi.
Qarorga koʻra, ixtisoslashtirilgan maktablarga oʻquvchilar belgilangan tartibda tanlov asosida saralab olinadi. Bu juda toʻgʻri qarordir. Sababi tanlov halol, toʻgʻri boʻlsa, albatta, tanlab olingan oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishi yuqori boʻladi. Oʻqituvchi tomonidan berilgan har bir mavzuni chuqur oʻzlashtira oladi. Oʻzi izlanib, keyinchalik fanga yangi gʻoyalarni qoʻllaydi.
Ixtisoslashtirilgan maktablarda maktab direktori tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlishi Prezidentimizning taʼlimga boʻlgan yuksak etiboridan biridir.
Qarorga muvofiq, matematika fani chuqurlashtirilib oʻqitiladigan maktab bitiruvchilari tegishli OTMlarning matematika taʼlim yoʻnalishlariga ular uchun belgilangan maqsadli parametrlar boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi. Bu esa oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishini yana-da oshiradi. Albatta, ixtisoslashgan maktab bitiruvchi oʻquvchilari matematikaning oʻrta taʼlimda beriladigan xar bir mavzusini chuqur oʻzlashtirgan boʻladi.
Milliy sertifikatlarning joriy qilinishi ham uzoq vaqtdan buyon intiq kutilayotgan edi. Xalqaro matematika maktabi bitiruvchi sinf oʻquvchilarining barchasi chet tili fani boʻyicha sertifikatga ega. Endilikda ushbu oʻquvchilarimiz kelajakda yuz foizlik natija bilan matematika fanidan milliy sertifikat ham olishiga ishonamiz.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qarorning qabul qilinishi yurtimiz kelajagini koʻzlab qilingan ishlarning eng saralaridan biridir.
Temir ROʻZIYEV,
Xalqaro matematika maktabi direktori