Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Respublikamizda ilk marotaba matematika fani o‘qituvchilari o‘rtasida Olimpiada tashkil etilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Olimpiadaning hududiy bosqichida 4200 nafar o‘qituvchi ishtirok etib, o‘zining fan bo‘yicha bilimini sinab ko‘rishga qaror qildi.
Olimpiadaning ilk kunida ishtirokchilarga 120 daqiqa vaqt belgilandi hamda 20 ta yopiq (20 ball) va 20 ta ochiq (30 ball) jami 40 ta test topshiriqlari berildi. Test natijalariga ko‘ra eng yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar ishtirokchi olimpiadaning yozma ish bosqichida qatnashadi. Yozma ish turli qiyinchilik darajasidagi 5 ta topshiriqdan iborat bo‘lib, ularning 2 tasi 8 ball bilan, 2 tasi 10 ball bilan hamda oxirgi bir topshiriq 14 ball bilan baholanadi(jami 50 ball).
Ishtirokchilarning ikki tur bo‘yicha ballari umumlashtirilib, 5 nafar g‘oliblar aniqlanadi va ular respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘qituvchilar olimpiadasida taqdim qilingan test topshiriqlarining yechimlarini Xalq ta’limi vazirligi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentining rasmiy telegram kanalida e’lon qilib borilmoqda.
Olimpiadani o‘tkazishdan asosiy maqsad o‘qituvchilarga metodik jihatdan yordam berish, qo‘llab-quvvatlash va yurtimizda matematika fanini rivojlantirishga, o‘qituvchilar o‘rtasida ijodiy muhitni yaratishga hissa qo‘shishdan iborat.
Olimpiada topshiriqlari bir muncha murakkabligini, qolaversa ayrim o‘qituvchilarga noqulaylikni oldini olish maqsadida natijalar ochiq tarzda e’lon qilinmaydi
Olimpiadaning Respublika bosqichi fevral oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.