Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matbuot nashrlari grant tanlovlarida faol qatnashmoqda
18:09 / 2025-12-17

“Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid, umrga zavol” mavzusidagi loyiha bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grantlar tanlovida g‘olib chiqqan Namangan viloyatining Mingbuloq tumani hokimligining nashri – “Mingbuloq” gazetasi tahririyati belgilangan besh oy mobaynida ko‘plab targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdi.

Jumladan, tumandagi 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi faollar zalida “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!” mavzusida hokimlik vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan anjuman qizg‘in ruhda kechdi. 

Tadbir avvalida, tuman hokimi Ahrorbek Mansurovning “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!” shiori ostida deputatlar, faollar va butun tuman aholisiga murojaatnomasi o‘qib eshittirildi. 

Loyiha doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda ijodkorlar o‘rtasida nazm va nasr yo‘nalishida tanlov e’lon qilingan edi. Unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Hamidullo Nurmatov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Abdunazar Burhonov, Xalq ta’limi a’lochisi Komiljon Imomnazarov, hamda gazetxonlarga yaxshi tanish bo‘lgan turli kasb egalari Mahmudjon Abdusalomov, Jamila Dilxush, Sanobar Yusupova, Dilorom Qoraboyeva, Komiljon Mamatov, Namangan davlat universiteti jurnalistika fakulteti talabasi Dilafro‘z Qambaraliyeva, Dilorom Mo‘minova va Gulsara Madg‘oziyeva sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Ta’kidlash lozim, grantning 36 million so‘m mablag‘i hisobidan 432 nusxa gazeta obunasi rasmiylashtirilib, tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining “yettilik” a’zolari, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi, tuman yoshlar ishlari bo‘limi, tuman rasmiy imom va otinoyilarga tarqatildi. 

O‘tgan davr mobaynida nashr etilgan gazetaning barcha sonlarida korrupsiya mavzusiga keng o‘rin ajratilib, jami 35 maqola, sakkiz sahifa, uch plakat-sahifa yoritildi. Bitta plakat-sahifa tayyorlanib, tashkilot va muassasalarga yetkazildi. Tashkilot va muassasalarda “Mingbuloqni korrupsiyasiz tumanga aylantiraylik!”, “Korrupsiya – kelajakka tahdid”, “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz muassasa”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz” deb nomlangan ommaviy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xudoyberdiyev ishtirokida mahalliy Kengash deputatlari bilan davra suhbatida loyiha ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingani va navbatdagi muhim ahamiyatga daxldor vazifalar belgilab olingani besamar ketmadi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.