O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan "Matbuot – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Akademiya rektori Muzaffar Komilov ma’rifiy yangilanish jarayonlari jadal kechayotgan yangi O‘zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalari rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bugungi ommaviy axborot vositalarini bundan yetti-sakkiz yil avvalgi media tuzilmalar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Matbuot erkinligini ta’minlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

–Bugun mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri, ustoz jurnalist Salim Doniyorov. – Bu isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Matbuot, televideniye, internet nashrlar orqali sohadagi tub ijobiy o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bizda 27 iyun – “Taraqqiy” gazetasining ilk soni nashr etilgan kun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana nainki bayram, balki soha xodimlari oldida turgan vazifalarni belgilab olishda ham g‘oyat muhim.

– Kasbimiz nihoyatda murakkab va sharafli, – dedi “Jadid” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo. – 1906 yili 27 iyunda jadid bobolarimiz Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida Ismoil Obidiy muharrirligida “Taraqqiy” gazetasi nashr etila boshlangan. To‘g‘ri undan avval ham matbuot bo‘lgan. Lekin u nashrlar bizning manfaatlarimizga javob bermagan. Jadidlar faoliyatining asl mohiyati milliy matbuotimiz rivoji, xususan, “Taraqqiy” gazetasi bilan bevosita bog‘liq edi. Jur’at, jasorat, shijoat ushbu gazetaning mohiyatini, asosiy g‘oyasini tashkil etgan. Dunyodagi voqeliklarga jurnalistlarimizda hali-hanuz jur’at yetishmaydi. Odamlar gazeta o‘qimay qo‘ygan, miyani ishlatishga toqati yetmaydi. Bu esa zararli kontentlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Jadid bobolarimiz kim bo‘lishidan qat’iy nazar, eng avvalo jurnalist bo‘lgan. Ulardek jasoratli jurnalistlarimiz ko‘payishini istardim.
Davra suhbatida bugungi media soha oldida turgan dolzarb vazifalar xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri