Buxoro viloyatini 2025 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida jamoatchilikka keng axborot berish maqsadida viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, respublika davriy va internet nashrlari, telekanallarining viloyatdagi muxbirlari, jurnalist va blogerlar, jamoatchilik vakillari, qolaversa, mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlari, deputatlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida viloyat hokimi Botir Zaripov 2025 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida to‘xtaldi.
– Avvalo, barchangizni tobora yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklayman. Fursatdan foydalanib, Buxoroda bo‘layotgan o‘zgarish va yangilanishlarni faol yoritib, jamoatchilikni keng xabardor qilayotganingiz, Prezidentimizning Buxoroni yanada rivojlantirish borasidagi islohotlari, g‘oya va tashabbuslari mazmun-mohiyatini tezkorlik va xolislik bilan odamlarga yetkazayotganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Chunki keyingi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarliklarida so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilmoqda. Bu esa media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda. Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, kommunal tizimdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar bo‘yicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab o‘tirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uyg‘otib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga undamoqda. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, faol jurnalistlarimiz, blogerlarimiz o‘zlarining o‘rni, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Bu boradagi mashaqqatli, shu bilan sharafli ishlaringizga omad tilayman, – deydi Botir Zaripov.
[gallery-26920]
Shundan so‘ng viloyat rahbari joriy yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shahar va tumanlarda jumladan, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish, qurilish, sog‘liqni saqlash, yoshlar ta’limi, sport, investitsiya, sayyohlik sohalarida, boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, joylarda ishsizlikni bartaraf etish, kambag‘allikni qisqartirishda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar xususida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yilda belgilangan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirishda Prezidentimizning 2024 yil 5 dekabrda qabul qilingan qarori, 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, joriy yilda dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda berilgan topshiriqlar hokimlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Joriy yilda viloyatda “Islohotlar shtabi” tashkil etilib, “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” doirasida viloyat, shahar va tumanlar rahbarlari ishtirokida mahallalar kesimida aholini qiynab kelayotgan muammolar tizimli ravishda o‘rganildi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, viloyatning barcha asosiy ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha barqaror va sezilarli o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Yalpi hududiy mahsulot hajmi 106,6 foizga oshirilib, 82,6 trillion so‘mga, aholi jon boshiga ko‘rsatkich esa 39,3 million so‘mga, 106,1 foizga yetkazildi. Joriy yilda 48,2 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 107,5 foizga erishildi, aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘rsatkichi esa 23,1 million so‘mni tashkil etdi.
Viloyatda “G‘ijduvon tajribasi” asosida 133 ta sanoat loyihasi natijasida 2758 nafar aholiga barqaror ish o‘rinlari yaratildi va bandligi ta’minlandi. Qorako‘l tumanidagi “Uniteks” MCHJ tomonidan 3,0 milliard so‘m qiymatda tikuv-to‘qimachilik korxonasi tashkil etildi, natijada 150 nafar fuqarolar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yilda xizmatlar sohasida 4,2 ming dan ortiq o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirildi va natijada 4,9 ming nafar fuqarolar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratildi.
Shahar va tumanlar markazlarida jami 28 km uzunlikda 8 ta 24/7 ko‘chalar tashkil etildi, natijada 350 ta yangi savdo va servis ob’ektlari ish boshladi. Buxoro shahridagi Mustaqillik ko‘chasi zamonaviy 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan ko‘chaga aylantirildi. Shuningdek, 60 dan ortiq xizmat ko‘rsatish loyihalari amalga oshirilib, 140 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Joriy yilda Jondor, Vobkent, Qorako‘l, G‘ijduvon, Olot, Romitan va Buxoro tumanlari hamda Buxoro shahrida suv bo‘ylarida sohil bo‘yi xizmat ko‘rsatish loyihalari zarur infratuzilma bilan to‘liq ta’minlandi.
Romitan tuman markazidan o‘tgan Xayrabot kanali bo‘yida zamonaviy sohil bo‘yi dam olish maskani tashkil etildi. Natijada, 30 dan ortiq xizmat ko‘rsatish loyihalari amalga oshirilib, 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi va aholi uchun qulayliklar yaratildi.
Joriy yilda mahalliy byudjetning xarajatlari 6 378 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan, ijtimoiy xarajatlar 3 760 milliard so‘m (jami byudjet xarajatlarining 59 foizi) yo‘naltirildi. Bundan tashqari, davlat dasturlari doirasida 2025 yil byudjet parametrlariga asosan jami 630,5 milliard so‘m, jumladan, Tashabbusli byudjet loyihalariga 406,0 milliard so‘m, aholiga yetkazib beriladigan issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun subsidiyalar 51,9 milliard so‘m, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun 37,4 milliard so‘m, Ichki yo‘llarni saqlash uchun zarur bo‘ladigan maxsus yo‘l texnikalarini xarid qilish uchun 35,1 milliard so‘m, ichki yo‘llarni ta’mirlash xarajatlariga 52,0 milliard so‘m, “Mahalla byudjeti” jamg‘armasiga 29,4 milliard so‘m va boshqa maqsadli tadbirlar moliyalashtirildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ishsizlik darajasi 2024 yilgi 5,4 foizdan, 2025 yilda 3,0 foizga, kambag‘allik darajasi esa 8,7 foizdan 3,0 foizga kamaydi.
Prezidentimiz tomonlaridan yaratib berilgan shart-sharoitlar va berilgan imkoniyatlar hisobiga, tadbirkorlik sub’ektlari soni 34,3 mingtaga yetib, 2024 yil(24,8 mingta)ga nisbatan 9,5 mingtaga ko‘paydi.
2025 yilda 9,5 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari, 4,5 mingta kichik biznes sub’ektlari, 5 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Kichik biznes sub’ektlarining viloyat iqtisodiyotidagi ulushi 72,2 foizga yetdi. Ularning sanoatdagi ulushi – 43,0 foizni, xizmat ko‘rsatishda – 68,8 foizni, qurilishda – 86,9, foizni, qishloq xo‘jaligida – 98,7 foizni tashkil etmoqda.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga viloyat hokimi hamda mutasaddilardan batafsil javob oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.