Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matbuot anjumani: yangi g‘alabalarga yangilangan tarkib bilan erishiladi
17:34 / 2025-03-05

Poytaxtimizda o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri betakror bellashuvlari, ajoyib usullari bilan tarixga aylandi.

Dunyoning 23 davlatidan O‘zbekistonga kelgan mahoratli dzyudochilar uch kun mobaynida kechgan shiddatli musobaqalarda o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi. "Los-Anjeles-2028" Olimpiya o‘yinlari sari o‘zlarining ilk qadamlarini tashladi. Boshqacha aytganda, ko‘pchilik dzyudochilar uchun aynan Toshkent tatamilari yangi Olimpiya davrining boshlanish nuqtasi bo‘ldi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur musobaqaning yakuniy natijalari, umuman yurtimiz dzyudochilarining "Los-Anjeles-2028" Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlari tahlil etildi.

“Katta dubulg‘a” turnirida mamlakatimiz terma jamoasi qo‘lga kiritgan natijalar qoniqarli bo‘ldimi? Yurtimizda o‘tkazilgan mazkur xalqaro turnirga nega “OTP Group Tashkent Grand Slam” nomi berildi? Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabida qanday o‘zgarishlar yuz beradi?

Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov ishtirok etgan anjuman davomida ushbu savollarga atroflicha javob berildi.

[gallery-22118]

Anjumanda ta’kidlanganidek, ikki Olimpiada oralig‘ida terma jamoalar tarkibida, murabbiylar shtablarida o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy holat. Bir necha yil davomida dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasida bosh murabbiyi lavozimida samarali faoliyat yuritib kelgan Ilias Iliadis, Diyora Keldiyorovaning Olimpiada chempioni bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Marko Spittka, shuningdek, ayollar terma jamoasida ishlagan yaponiyalik murabbiy Mikki Tanaka bilan shartnoma muddatlari yakunlangani hamda ularning o‘z rejalari borligi sabab do‘stona xayrlashildi.

Savollarga javob berish asnosida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi A.Komilov yangi marralarni ko‘zlab, yangilangan murabbiylar shtabi bilan ish boshlash arafasidaligi, qisqa fursatda Parij, Boku va Toshkent “Grand Slam” musobaqalarida ishtirok etilgani xususida to‘xtalib o‘tdi.

2025 yilning to‘rtinchi eng yirik xalqaro musobaqasi bo‘lgan Toshkent “Katta dubulg‘a“ turnirida Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Serbiya, Xitoy, Ispaniya, Isroil, Ozarbayjon, Kuba, Qozog‘iston singari kuchli tarkibga ega davlat terma jamoalari qatnashgani, ular orasida eng yosh tarkib bilan qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi uch kunlik bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, 1 ta oltin, 3 ta kumush, 8 ta bronza, jami 12 ta medalni qo‘lga kiritib, “Katta dubulg‘a“ turnirlaridagi natijani yangilashga muvaffaq bo‘lganini bildirildi.

Savol-javoblarga boy tarzda kechgan anjuman davomida terma jamoaga Yevropa davlatlaridan tajribali murabbiylar qatorida hamyurtimiz, bir necha yil davomida Eron va Slovakiya terma jamoalarida faoliyat yuritgan, oxirgi yillari Qozog‘iston dzyudo klubida ishlab kelayotgan Andrey Shturbabin O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabiga jalb etilayotgani aytildi.

Shuningdek, iqtidorli dzyudochilar safini yanada kengaytirish maqsadida bundan buyon har oy mamlakatimizning qaysidir hududida dzyudo bo‘yicha ommaviy turnirlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilindi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Toshmatov "Los-Anjeles-2028" olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida dzyudo sport turi singari boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham terma jamoalarimizga har jihatdan salohiyatli murabbiy-mutaxassislarni jalb etish borasida izlanishlar olib borilayotgani xususida so‘zlab berdi.

T.Ro‘ziyev, A.Mamadaminov (surat), O‘zA