“Toshkent shahar suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamiyatning 2025 yildagi faoliyati hamda 2026 yilga mo‘ljallangan rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda jamiyat rahbariyati va mutasaddilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ 1931 yildan buyon poytaxt aholisi hamda tashkilot va korxonalarni ichimlik suvi bilan ta’minlab, oqova suv xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
2025 yilda jamiyat tasarrufidagi 7 ta inshootda 672 million kub metr ichimlik suvi tozalanib, 4 ming kilometrdan ortiq tarmoqlar orqali 771 mingdan ziyod iste’molchiga yetkazib berilgan. Shuningdek, 556 million kub metr oqova suv “Salar”, “Bo‘zsuv” va “Bektemir” tozalash inshootlarida qabul qilinib, me’yor talablari asosida tozalangan.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 47,7 kilometr ichimlik suvi hamda 11,4 kilometr oqova suv tarmoqlari kapital ta’mirlandi, – deydi “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ axborot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonov. – Shu bilan birga, suv va oqova tarmoqlarida aniqlangan 25 mingga yaqin nosozlik bartaraf etildi.
Jamiyat mablag‘lari hisobidan 21,9 kilometr ichimlik suv tarmoqlari yangilanib, 490 ta yopqich almashtirildi. Bu ishlar natijasida 35 ming nafar aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish holati yaxshilandi. Nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida maxsus texnika va mexanizmlar xarid qilindi.
[gallery-27148]
Shuningdek, Yunusobod tumanidagi 5 ta mahallada 11 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, 4,1 ming nafar aholi markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olindi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Jamiyatning bosh binosi va suv inshootlariga o‘rnatilgan quyosh fotoelektr panellari orqali yiliga 1 million kilovatt/soatdan ortiq elektr energiyasi tejalmoqda.
Fransiyaning “SUEZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Yangihayot tumanida 50 mingdan ortiq smart suv hisoblagichlari o‘rnatildi. Ushbu loyiha 2031 yilga qadar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, iste’mol qilinayotgan suv hajmini onlayn monitoring qilish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, ichimlik suvi balansini shakllantirish maqsadida shahar tarmoqlarining kirish va chiqish nuqtalariga yirik suv hisoblagichlari o‘rnatilib, katta hajmdagi suv yo‘qotilishining oldi olindi.
Joriy yil yanvar holatiga ko‘ra, Toshkent shahri aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 98,6 foizni, oqova suv xizmatlari bilan qamrov esa 94 foizni tashkil etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini yangilash, yangi mahallalarni markazlashgan tizimga ulash hamda nasos agregatlarini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish ishlari davom ettiriladi.
Matbuot anjumanida sohaga oid boshqa masalalar ham muhokama qilinib, OAV vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat) O‘zA