English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matbuot anjumani: qonuniylik va shaffoflik ta’minlanmoqda
17:13 / 2026-01-29

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Konstitutsiyaviy islohotlar, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi va sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlarning yagona maqsadi fuqaroning og‘irini yengil qilishdir.

Shu jihatdan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining milliy huquqlarini muhofaza qilish va ularning daxlsizligini ta’minlash borasida bir qator islohotlar amalga oshirilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.  

2024 yil 5 avgustda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligi inson qadriga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.

Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasida 2025 yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi.  

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari, mustaqil jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Unda soha mas’ullari tomonidan yer va kadastr nazorati, aholiga ko‘rsatilgan kadastr xizmatlari, sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma’lumot beriladi.  

Bugungi kunda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik, umuman, mamlakatimizda yer qonunbuzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etishda davlat nazoratini amalga oshirishda Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “E-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan samarali foydalanilmoqda.  

Shuningdek, yer nazoratchi inspektorlari maxsus planshetlar bilan ta’minlanib, bunda dronlardan ham foydalanish yo‘lga qo‘yilgan va aniqlangan yer qonunbuzilish holatlari manzilning o‘zida elektron rasmiylashtirilmoqda.

Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari tomonidan 2025 yilda o‘tkazilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 3 927 ta holatda 61,3 gektar yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan.  

Yerga oid eng ko‘p huquqbuzarliklar poytaxtimizning Yunusobod tumanida 417 ta holatda 9,6 gektar, Sergeli tumanida 455 ta holatda 9,1 gektar, Mirzo Ulug‘bek tumanida 392 ta holatda 5 gektar hamda Mirobod tumanida 375 ta holatda 1,5 gektarni tashkil etadi. Shu bilan birga, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, u yerga noqonuniy qurilmani amalga oshirganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik ham belgilangan.

2025 yilda Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tuman filiallari “Sifat menejmenti” va “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari” xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.

Hozir integratsiyalashgan boshqaruv tizimi joriy qilinib, xalqaro sertifikatning qo‘lga kiritilganligi poytaxt kadastr tizimida xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Kadastr xizmatlarini ko‘rsatishda qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, sohada korrupsiya illatiga qarshi murosasiz bo‘lish, bu yo‘lda hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida boshqarma boshlig‘ining poytaxtimiz aholisi hamda soha vakillariga murojaati e’lon qilindi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqbuzarlik holatlarining oldini olish maqsadida xodimlar ishtirokida 70 dan ziyod davra suhbati va seminarlar tashkil qilindi. Axborot siyosati hamda ochiqlikni ta’minlash, yer va kadastrga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 2 ta matbuot anjumani, 11 ta brifing, boshqarma va tuman mas’ul xodimlari ishtirokida ommaviy axborot vositalari orqali 200 ga yaqin chiqishlar tashkil qilindi.

Bugungi kunda kadastr sohasidagi barcha xizmatlar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portali orqali qulay va ochiq tarzda ko‘rsatiladi. Shu bois fuqarolarning kadastr idoralariga bevosita borishi talab etilmaydi.

Asror Sulaymonov, O‘zA