Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
12:02 / 2025-12-30

Jizzax viloyatida hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sifatini yaxshilash va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom etmoqda.

Shu munosabat bilan Jizzax viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi davlat muassasasi tomonidan joriy yilda bajarilgan ishlar hamda Prezidentimiz tomonidan 2026 yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb e’lon qilingan davr uchun belgilangan vazifalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Jizzax viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Jo‘rayev hamda “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DM direktori Dostonbek Qoplonov sohada amalga oshirilayotgan ishlar samarasi va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Qayd etilganidek, 2025 yil davomida viloyat hududida ijtimoiy infratuzilmani mustahkamlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda aholi ehtiyojlariga javob beradigan muhitni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli qurilish-montaj va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda aholi manfaatlari, hududlarning arxitektura qiyofasi va barqaror rivojlanish tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi.

[gallery-26953]

– Qurilish va rekonstruksiya ishlari alohida ob’ektlarni barpo etish bilan cheklanib qolmayapti, balki mahallalarni har tomonlama obod qilish, muhandislik infratuzilmasini yaxshilash orqali aholi uchun qulay hayot muhitini yaratishni ko‘zda tutadi, – dedi Shuhrat Jo‘rayev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda jami 235 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borildi. Ularning katta qismi belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, qolgan ob’ektlar bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Umumiy shartnoma qiymati 649 milliard 854 million so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich hududlarda olib borilayotgan qurilish ishlari hajmi va qamrovi yil sayin kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, davlat dasturlari bilan bir qatorda mahalliy byudjet va qo‘shimcha manbalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar mahallalarni obod qilishda muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, ushbu manbalar hisobidan joriy yilda 231 milliard 866 million 700 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu sarmoyalar kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik tarmoqlarini yangilash va aholining kundalik ehtiyojlarini ta’minlashga xizmat qildi.

Matbuot anjumanida Prezidentimiz tomonidan 2026 yil – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb belgilangani alohida ta’kidlandi. Mazkur yilga mo‘ljallangan rejalar mahallalarda infratuzilmani yanada rivojlantirish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aholi faolligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu asosda 2026 yilda Jizzax viloyatida 100 ta ob’ekt bo‘yicha 508 milliard 478 million 200 ming so‘mga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida investitsiya loyihalari, hududlarni jadal rivojlantirish dasturlari hamda mahalliy byudjet hisobidan amalga oshiriladigan yangi tashabbuslar belgilangan.

– Kelgusi yildagi ishlar mahalla darajasida aniq natija berishi, aholi hayotida ijobiy o‘zgarishlar yaratishi lozim, – dedi Dostonbek Qoplonov. – Shu maqsadda barcha loyihalar sifat va samaradorlik talablariga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Anjuman yakunida “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi jamoasi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qurilish ishlarida ochiqlik va tizimli yondashuvni saqlagan holda, Jizzax viloyatini barqaror rivojlanayotgan hududga aylantirish yo‘lida o‘z faoliyatini izchil davom ettirishi ta’kidlandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari