Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Matbaa mahsulotlari sifati yanada yaxshilanadi
11:12 / 2015-06-25

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-iyundagi “Ta’lim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi Umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori yosh avlodni sifatli, ekologik talab va me’yorlarga javob beruvchi, milliy ma’naviyatimizga mos xavfsiz bosma mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Har kuni uyga kirishim bilan olti yashar o‘g‘lim: “Dada, rasm daftar olib keldingizmi?” deya xarxasha qiladi. “Kechagisi qani?” desam, yo chizib bo‘lgan, yo ukasiga bergan, yoki bog‘chadagi qaysidir o‘rtog‘iga sovg‘a qilgan bo‘ladi. Shu bois qayerda bo‘lmay, ko‘zim matbaa do‘koniga tushishi bilan, albatta, rasm daftar xarid qilaman.

Bundan chorak asr muqaddam “Alifbe”ni qo‘liga olgan bola yozuv daftari topolmas, yozuv daftari topilsa, kitob yetishmasdi. Tanqislik barham topib, bozorlar turli jangari kinofilmlar qahramonlari tasviri tushirilgan, orqasiga 72 varaq deb ko‘rsatilgan, aslida 50-60 varaqdan oshmaydigan daftarlar bilan to‘lgan kezlar edi. Qo‘shnimiz – bozorda matbaa mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Oqil aka bir kuni otamga kuyunchaklik bilan shunday degani esimda: “Aytsam ishonmaysiz, yuzta daftardan kamida o‘n-o‘n beshtasining yo muqovasi yo‘q, yo varag‘i kam. Qachongacha chet elning bunday sifatsiz mahsuloti bilan xaridorni aldaymiz?!”

Balki o‘sha paytda Oqil akaga o‘n-o‘n besh yildan keyin daftarlar to‘liq o‘zimizda ishlab chiqariladi, shaklu shamoyili, mazmuni ham milliy ma’naviyatimizga mos bo‘ladi deyishsa, ishonishi qiyin bo‘lardi. Bugun mamlakatimizda yiliga 120-150 million dona daftar mahsulotlari ishlab chiqarilib, bu boradagi ehtiyoj to‘liq ta’minlanayotir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng afzalliklar berilayotgani, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish, ular asosida ichki bozor ehtiyojini qondirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor matbaa korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari ko‘payib, sifati yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

– Bu turdagi matbaa mahsulotlariga bo‘lgan talabning yuqoriligi, qolaversa, ularning yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni inobatga olingan holda matbaa korxonalarini jahon standartlariga mos, yuqori quvvatli texnologiyalar bilan jihozlash ishlari o‘z samaralarini bermoqda, – deydi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi boshqarma boshlig‘i Artur Kan. – Davlatimiz rahbarining 2009-yil 20-noyabrdagi “Respublika iste’mol bozorini ayrim maktab buyumlari bilan to‘ldirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2010-2014-yillarda poligrafiya faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxslar mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan maktab daftari, kundalik hamda rasm albomlari tayyorlash uchun zarur texnologik uskuna, ehtiyot qism va qog‘ozni import qilishda bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi poligrafiya korxonalarini texnik va texnologik qayta jihozlashni yanada rag‘batlantirishda muhim asos bo‘ldi.

Prezidentimizning 2012-yil 16-iyuldagi “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tadbirkorlik subyektlari tomonidan litsenziyalar va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni olishda xarajatlarni tubdan qisqartirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ayrim qarorlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi natijasida matbaa korxonalaridan davlat ro‘yxatiga olinganlik uchun stavkalar bo‘yicha yig‘iladigan davlat boji ikki baravar qisqartirildi.

Sohani texnik va texnologik yangilash borasida amalga oshirilgan ishlar barobarida o‘quvchilarni turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari aks etgan chet el mahsulotlaridan himoya qilish, ularni milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga mos sifatli yozuv daftarlari bilan ta’minlash davlatimiz e’tiboridagi muhim masalalardan biri bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-avgustdagi “Iste’mol bozorini yozuv daftarlari bilan ta’minlashni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqarilayotgan yozuv daftarlari sifatini oshirish, milliy ma’naviyatimizga zid hamda sifatsiz mahsulotlarning yurtimizga kirib kelishi va sotilishini, bu turdagi yozuv daftarlaridan ta’lim muassasalarida foydalanishni taqiqlash ishlarini kuchaytirish belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan iste’mol bozorini sifatli daftar mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida maktab va umumiy daftarlar, rasm albomlari hamda kundalik reyting daftarlariga oid tarmoq standartlari ishlab chiqildi va “O‘zstandart” agentligida davlat ro‘yxatiga olindi. Bosma mahsulotlarning sanitariya normalari talablariga javob berishiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-iyundagi “Ta’lim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi Umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori yosh avlodni sifatli, ekologik talab va me’yorlarga javob beruvchi, milliy ma’naviyatimizga mos xavfsiz bosma mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur texnik reglament O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O‘zstandart” agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida xorijiy tajribaga asoslangan holda zamonaviy talablardan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatda Bojxona ittifoqi komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan mahsulotlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament”ning mahsulot xavfsizligini ta’minlash borasidagi talablari ham inobatga olingan.

Ushbu texnik reglament ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlari ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga qator qulayliklar yaratadi. Hozirgi vaqtga qadar shu turdagi mahsulot ishlab chiqarishda oltita davlat standarti, tegishli sanitariya me’yorlari xavfsizlik talablariga rioya etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yangi tartib joriy etilgandan keyin ishlab chiqaruvchi faqat bitta hujjat bilan ishlaydi. Reglament kuchga kirishi bilan ta’lim muassasalariga mo‘ljallangan matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qabul qilingan oltita davlat standarti hamda ikkita sanitariya me’yori talablari ixtiyoriy normaga aylantiriladi.

Yosh avlodga mo‘ljallangan matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishini takomillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mamlakatimizda ta’lim jarayoni yanada yaxshilanishi barobarida, farzandlarimizning qobiliyatini to‘la namoyon etib, intellektual jihatdan yetuk shaxs bo‘lib ulg‘ayishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.