Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mas’uliyatsiz 179 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgan
17:30 / 2022-08-13

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasidagi ishlar yurtimizning har bir hududini obodonlashtirish, ko‘rkamlashtirish, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Bu borada 2022 yilda ham 413 ta mahalla va qishloqda obodonlashtirish ishlari olib borilishi, 8 ming 622 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash va boshqa turdagi ishlarni amalga oshirish belgilangan.

Ma’lumotlariga ko‘ra, 6 ming 990 ta loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, 6 ming 852 tasi ekspertizadan o‘tkazilgan, 6 ming 268 tasining tender savdolari yakunlangan, 5 ming 40 tasi bo‘yicha pudrat shartnomalari tuzilgan.

bugungi kunda ijtimoiy soha ob’ektlari – tibbiyot, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalarida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda. Shuningdek, elektr ta’minoti ob’ektlarida past kuchlanishli 1 ming km.dan ortiq elektr uzatish tarmoqlari, 395 ta transformator punktlari yangilanib, modernizatsiya qilindi. Gaz ta’minoti uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha 839 dona gaz taqsimlash punkti, 333,3 km. gaz tarmog‘i taftishdan o‘tkazilib, aholiga 3 ming 623 dona gaz balloni yetkazib berilgan.

Bundan tashqari, 573 km. ichki yo‘llar asfaltlanib, 1 ming 454 km. shag‘al, 220,8 km. sement-beton yotqizilgan. Suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 1 ming 251 km. uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari yangidan tortilib, 109 dona suv inshooti yangidan o‘rnatilgan.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari hamda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitalari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari va boshqa davlat dasturlari doirasida yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish-ta’mirlash borasidagi ishlar bilan birga, mavjud muammolar ham hal etilmoqda. Dasturlar ijrosiga mas’ullar o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari uchun ularga javobgarlik ham belgilanmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida dasturlar ijrosiga mas’ul bo‘lgan 400 nafardan ortiq mansabdor shaxslar rasman ogohlantirilgan, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 49 ta taqdimnoma kiritilgan, dastur ijrosi bo‘yicha mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 179 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar sohadagi amaliy ishlarni e’tirof etgan holda, dasturlar doirasida hududlarda qurilish, ichki yo‘llar, gaz ta’minoti, transport qatnovi va obodonlashtirish kabi ishlarni yakunlashga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligini qayd etdilar. Mas’ul idoralar tomonidan vaziyatni o‘nglash yuzasidan aniq choralar ko‘rilmayotganligi tanqid qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA