O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida joriy yilda ta’lim muassasalarida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi keng ko‘lamda tatbiq etilmoqda.
Mazkur tashabbus davlat dasturida belgilangan vazifalardan biri bo‘lib, zamonaviy ta’lim jarayonida oila va maktab hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi.

Jizzax shahridagi 10-sonli umumta’lim maktabida ushbu loyiha amaliyotga joriy etildi va u hayotda o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsatmoqda. Maktab rahbariyati, mahalla jamoalari va eng muhimi ota-onalar ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda.
– Jamoamiz ijtimoiy tarmoqlar va maktabimizning rasmiy kanallari orqali videoroliklar, bannerlar, infografikalar tayyorlab, ota-onalarni bolalar ta’lim-tarbiyasida faol ishtirok etishga undab kelmoqda, – deydi maktab direktori Durbek Nosirov. – Bu orqali nafaqat mas’uliyatni yuksaltirmoqdamiz, balki oila, maktab va mahalla o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikni mustahkamlamoqdamiz.

Loyiha doirasida ota-onalar uchun tematik ma’ruzalar, ochiq muloqotlar, interaktiv mashg‘ulotlar, amaliy va nazariy seminarlar tashkil etilmoqda. Bola shaxsiyati shakllanishidagi psixologik omillar, ekologik ong, oila muhitining ahamiyati haqida ma’lumotlar keng tarqatilmoqda. Shuningdek, tarqatma materiallar, bukletlar, ko‘rgazmali vositalar va videokontent orqali keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Mazkur jarayonda maktab huzuridagi o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollaridan tashkil topgan kuzatuv kengashi ham muhim rol o‘ynamoqda. Kengash raisi Sag‘dulla Soliyev bu haqda quyidagicha fikr bildirdi:
– Mas’uliyatli ota-onalik – bu faqat shaxsiy vazifa emas, balki umumjamiyat mas’uliyatidir. Kuzatuv kengashi sifatida biz ushbu loyihaga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ota-onalarning maktab hayotidagi ishtiroki kuchaygan sari, ta’lim sifatining oshishiga guvoh bo‘lyapmiz. Biz har bir oilaning farzandiga qaratilgan e’tiborini jamiyat kelajagiga qaratilgan hissa, deb bilishga chaqiryapmiz, – deydi maktab kuzatuv kengashi raisi.

Bu loyiha nafaqat ota-onalarda farzand ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan mas’uliyatni mustahkamlamoqda, balki maktab va oila o‘rtasidagi muloqotni, hamkorlikni va ishonchni chuqurlashtirmoqda. Bu esa “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan barqaror jamiyat qurish maqsadlariga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ta’limda yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar shunchaki ichki islohotlar emas, balki butun jamiyatning ma’naviy, madaniy yuksalishi uchun poydevor vazifasini o‘tamoqda. Bu yo‘lda mas’uliyatli ota-onalik – eng muhim ustuvor vazifalardan biridir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA