Bugungi kunda yurtimizda Sudyalar oliy maktabida tayyorlanayotgan nomzodlar nafaqat bilim, balki axloqiy yetuklik mezonlari asosida saralanmoqda. Bu tizim faqatgina ish o‘rniga kadr tayyorlash emas, balki adolatli sud tizimining poydevorini mustahkamlovchi intellektual va ma’naviy maydon hisoblanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti “Davlat va huquq nazariyasi” kafedrasi o‘qituvchisi Jahongir Qurbonov bugungi kundagi Sudyalar oliy maktabi faoliyati, sudyalikka yo‘l, tajriba va huquqiy mas’uliyat haqida quyidagilarni gapirdi.
–Toshkent davlat yuridik universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan magistrlar uchun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Xususan, ular uchun davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-huquq tizimi hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritish, ichki va xalqaro loyihalarda ishtirok etish, yuridik sohada ilmiy daraja olish imkoniyatlari yaratib berilmoqda.
Bu esa ularning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar kontekstida Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash kursi – kadrlar sifatini ta’minlashning huquqiy va institutsional mexanizmi sifatida o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu ta’lim dasturining talablari O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni 68-modda va Sudyalar oliy maktabining tegishli normativ-huquqiy bazasi bilan tartibga solinadi. Ushbu qonuniy asosga binoan, sudya etib ilk bor tayinlanayotgan shaxslar ushbu maktabda o‘qishni majburiy tartibda o‘tadilar.
Sudyalar oliy maktabining qabuliga qo‘yilgan asosiy talablari shuki, talabgor O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lishi hamda qabul yilining 31 dekabriga qadar 34 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.
7 yillik mehnat staji – nomzodning huquqni qo‘llash amaliyotida yetarlicha tajriba to‘plaganini va huquqiy fikrlash qobiliyatini shakllantirganini anglatadi. Bu talab orqali kelajakdagi sudyaning qonun ustuvorligi tamoyilini teran anglash darajasi, shuningdek, murojaatlar va da’volarni xolis, mustaqil tahlil qila olish salohiyati hamda sud etikasi va kasb madaniyatiga bo‘lgan munosabati sinovdan o‘tkaziladi. Mazkur staj talabining belgilanishi – bu sud tizimida adolatli, obro‘li va halol kadrlar shakllanishini ta’minlovchi kafolat hisoblanadi.
2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonining tiniq va shaffof mezonlari 3 bosqichda amalga oshiriladi. Jumladan, ixtisoslik fani bo‘yicha test, chet tili (ingliz, fransuz yoki nemis) bo‘yicha test hamda insho va og‘zaki suhbat qilinadi. Bu jarayonlar davlat tilida (o‘zbek, qoraqalpoq) amalga oshiriladi.
Bu tizimda kasbiy bilim bilan birga, analiz qilish qobiliyati, fikrni yozma va og‘zaki ravishda ifoda etish mahoratlari, axloqiy barkamollik kabi muhim jihatlarga ham e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining 2025/2026 o‘quv yili uchun sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga hujjatlar qabul qilinishi boshlandi. Bu jarayon 2024 yil 22 iyuldan 31 iyulgacha davom etadi.
Sudyalik tayyorlov kurslari – bugungi kunda mamlakatimizda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Sudyalarning kasbiy va ma’naviy salohiyati, xususan, ularning halolligi, xolisligi va yuksak mas’uliyat hissi, sud adolatining bosh mezoni hisoblanadi. Sud fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda hal qiluvchi institut sifatida faqat adolatli va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan mutaxassislar orqali samarali faoliyat ko‘rsatishi mumkin.
Sudyalar oliy maktabining tayyorlov kurslari nafaqat ta’lim jarayoni, balki adolatli, mas’uliyatli va xalq ishonchini qozonadigan sudyalarni tayyorlashning ustuvor modelidir.
Bu jarayon, sudlarning mustaqilligi va xolisligini ta’minlashda, sudyalar korpusining kasbiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolarning sud adolatiga ishonchini mustahkamlashdek maqsadlarga xizmat qiladi. Talablarga qat’iy amal qilish, qabul jarayonining oshkoraligi va tanlov bosqichlarining professional baholanishi – sud tizimini sifatli kadrlar bilan ta’minlashning garovi.
Sudyalik faoliyati nafaqat chuqur huquqiy bilim, balki shaxsiy mas’uliyat, hayot tajribasi va adolatparvar dunyoqarashni talab qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA