Oltin kuzning o‘tayotgan har bir daqiqasini g‘animat bilgan Toshkent viloyati dehqonlari mavsum sarhisobiga kirishmoqda. Dalalarda yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib olish galdagi muhim vazifalardan biri. Buning uchun joylarda puxta tayyorgarlik ko‘rilgan.
Bekobod hamda Bo‘ka tumanlarida joriy yilgi paxta hosilini tez va uyushqoqlik bilan yig‘ib olishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi qishloq xo‘jaligi mutasaddilari, hududlar mas’ullari, klaster va fermerlar ishtirok etdi. Suhbat davomida yetishtirilgan hosilni nobud qilmasdan, o‘z vaqtida va sifatli terib olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Viloyat rahbari har bir terimchining mehnatini alohida e’tirof etib, ularga minnatdorlik bildirdi. Seminar davomida terimchilar uchun munosib ish sharoitlari va sifatli oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha ham tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng, dala boshida jonliq so‘yilib, xayrli duolar qilindi.

Mashina terimining afzalliklarini tajribali fermerlar yaxshi biladi. Ularning aytishicha, agar terim mashinasi sifatli ishlasa, birinchi navbatda ish sur’ati oshadi. Qo‘l terimiga ehtiyoj kamayadi. Fermer moliyaviy jihatdan tejamkorlikka erishadi. Agar, hosil mo‘l bo‘lsa, fermerlar birinchi terimdayoq rejaning 80-90 foizini bajaradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bekobod tumanida 7 ming 310 gektar maydonga paxta ekilgan. Terimga 69 ta otryad, 19 ta paxta teruvchi kombayn va 250 tirkama jalb etilgan. Rejaga ko‘ra, 30 ming 890 tonnadan ortiq paxta hosili yig‘ib olinishi rejalashtirilgan.

O‘z navbatida Bo‘ka tumani bo‘yicha esa 258 ta fermer xo‘jaligi va 1 ta (“GTG Agro” MCHJ) paxtachilik klasteri tomonidan jami 8141 gektar maydonda paxta yetishtirilgan. Ushbu maydonlardan jami 34 500 tonna hosil yig‘ib olish rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA.