Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mas’uliyatga undagan e’tirof
13:14 / 2026-03-04

FOTOREPORTAJ

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yurtimizda xotin-qizlarning ilm-fan, madaniyat va ijod sohalaridagi yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan nufuzli e’tirof hisoblanadi. Ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan iqtidor sohibalari bugun turli sohalarda samarali faoliyat yuritib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Ana shunday izdoshlardan biri — Iroda Oripova. U 1979-yil Buxoro viloyati Peshku tumanida tug‘ilgan. Yoshlikdan kitob va she’riyatga mehr qo‘yib, ma’naviyat va ma’rifat yo‘lida izchil intilib kelgan. Mehnat faoliyatini Peshku tumanidagi 11-maktabda kutubxona mudiri sifatida boshlab, yosh avlodni ma’naviy kamolotga yetaklash, ularda adabiyotga qiziqishni oshirish yo‘lida sidqidildan xizmat qildi.

Ijodiy izlanishlari, tashabbuskorligi va jamoat ishlaridagi faolligi munosib baholanib, 2000-yil madaniyat yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bu e’tirof yosh iste’dod sohibasining yutug‘i bo‘lish bilan birga, uning kelgusi faoliyatiga yuksak mas’uliyat yukladi.

Qahramonimizning ta’kidlashicha, ishga kelar chog‘i mukofot nishonini ko‘ksiga taqib yurishi unga burch va vazifasini har on yodga solib, ruhiy kuch bag‘ishlaydi.

2000–2005-yillarda Iroda Oripova O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Talabalik yillarida ham ijodda o‘zini namoyon etib, jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etdi.

[gallery-27953]

Ayni vaqtda u Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘yicha matbuot kotibi lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda. Uning tashabbuskorlik va fidoyilik bilan amalga oshirayotgan ishlari ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, Iroda Oripova namunaviy oila bekasi sifatida uch nafar farzandni voyaga yetkazmoqda. Uning hayot yo‘li — yoshlikdagi e’tirofni yuksak mas’uliyat bilan oqlash, bilim va salohiyatini jamiyat manfaati yo‘lida safarbar etishga qaratilgan ibratli namunadir.

Tohir ISTATOV (surat), O‘zA