Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mas’uliyat va mehnatsevarlik – yutuqlar kaliti
12:57 / 2026-03-06

Gaz ta’minoti tizimida 20 yildan ortiq vaqt davomida samarali faoliyat yuritib kelayotgan buxorolik Olesya Afakova o‘z ishiga sadoqat bilan yondashadigan, mas’uliyatni har narsadan ustun qo‘yadigan fidoyi xodimlardan biri hisoblanadi. Uning kundalik mehnatida asosiy mezon – iste’molchilar murojaatlariga e’tibor bilan qarash, ularni o‘z vaqtida va sifatli hal etishdan iborat.

Qaysi bir murojaatni o‘rganmasin, u muammoning yechimini topishga astoydil kirishadi va har bir masalaning adolatli hal bo‘lishiga harakat qiladi.

Olesya Afakova mehnat faoliyatini dastlab Buxoro shahar gaz ta’minoti bo‘limida boshlagan. Shu vaqt mobaynida u turli vazifalarda ishlab, tizimning turli yo‘nalishlarida boy tajriba orttirdi. Qanday vazifada ishlagan bo‘lmasin, uning hayotdagi eng muhim shiori – “Mehnat insonni ulug‘laydi”, degan g‘oya bo‘lib kelgan. Aynan shu tamoyilga amal qilgan holda u o‘z faoliyatida halollik, mas’uliyat va sadoqatni ustuvor deb biladi.

Bugungi kunda ham tizimning tajribali xodimi sifatida u har bir murojaatga alohida e’tibor qaratadi. Iste’molchilardan kelib tushgan savol yoki muammolarni chuqur o‘rganib, zarur hollarda joyiga borib vaziyatni ko‘zdan kechiradi. Muammoning aniq sababini o‘rganish, iste’molchini qoniqtiradigan yechim topish hamda ularga tushunarli va batafsil izoh berish uning ish uslubining ajralmas qismiga aylangan. Chunki u har bir murojaat ortida inson manfaati va ishonch borligini yaxshi anglaydi.

Yillar davomida ustozlardan saboq olib, kasb sirlarini puxta o‘zlashtirgan Olesya Afakova bugun o‘zining boy tajribasini yosh kadrlar bilan baham ko‘rayotgan ustozlardan biriga aylangan. U shogirdlariga nafaqat kasbning amaliy jihatlarini, balki bu sohaga xos mas’uliyat, intizom va fidoyilikni ham o‘rgatib keladi. Ularni doimo halol mehnat qilishga, vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga va “bugungi ishni ertaga qoldirmaslik” tamoyiliga amal qilishga chorlaydi.

Uning yana bir e’tiborga molik jihati  xushmuomalaligi va odamlar bilan muloqot madaniyatidir. Iste’molchilar bilan muloqotda ham, jamoa orasida ham samimiy va hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ustuvor deb biladi. Shu bois u shogirdlariga ham har bir insonga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, ish jarayonida sabr-toqat va xushmuomalalikni saqlash zarurligini doimo ta’kidlab keladi.

– Ish faoliyatim davomida bir narsani yaxshi angladim: har bir murojaat ortida insonning ishonchi turadi, – deydi Olesya Afakova. – Shuning uchun iste’molchining muammosiga befarq qarash mumkin emas. Qo‘limizdan kelgancha ularga yordam berish, muammoni o‘z vaqtida hal etish bizning asosiy vazifamiz. Yosh xodimlarga ham doimo shuni aytaman: ishni sevib qilish kerak. Agar inson o‘z kasbini yaxshi ko‘rsa, harqanday qiyinchilikni yengib o‘ta oladi. Tizimdagi ustozlarimdan ko‘p narsa o‘rgandim. Ular bizga nafaqat kasb sirlarini, balki odamlar bilan muomala qilish madaniyatini ham o‘rgatgan. Bugun esa o‘sha tajribani shogirdlarimizga yetkazishga harakat qilayapman. Chunki bu soha faqat bilim emas, balki mas’uliyat va fidoyilikni ham talab qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri